16:30 / 23.03.2023
409

Ro‘za tutishga oid ko‘p takrorlanadigan savollarga mutaxassisdan javoblar

Ro‘za tutishga oid ko‘p takrorlanadigan savollarga mutaxassisdan javoblar

Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi qanday yoʻl tutishi kerak, avval iftor qilinadimi yoki shom namozi oʻqiladimi, roʻzador odam tish pastasidan foydalanishi mumkinmi? Shu va boshqa savollar yuzasidan Oʻzbekiston musulmonlar idorasi Fatvo boʻlimi izoh berdi.
Savol: Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi qanday yoʻl tutishi kerak?
Javob: Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, uygʻongach oz boʻlsa ham biror narsa yeb-ichib, roʻzani niyat qilaman desa, niyati ham, oʻsha kuni tutadigan roʻzasi ham toʻgʻri boʻlmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, roʻzani buzadigan (yaʼni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi roʻzani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelgungacha qilish mumkin.
Savol: Roʻzador kishi soʻlagini yutishi mumkinmi?
Javob: Roʻzador soʻlagini yutishi bilan roʻza ochilmaydi. Tupukni qasddan ogʻizda yigʻib, yutishdan iloji boricha saqlanish kerak boʻladi. Odatdagi holatda esa soʻlakni ichga oʻtishi makruh emas.
Savol: Roʻzador odam tish pastasidan foydalanishi mumkinmi?
Javob: Roʻzador kishi tishlarini tozalashda tish pastalaridan foydalanishi mumkin. Albatta bunda tish pastasi aralashgan soʻlagi yutilib ketishidan saqlanish lozim boʻladi. Aks holda roʻza ochilib ketishi mumkin.
Savol: Avval iftor qilinadimi yoki shom namozi oʻqiladimi?
Javob: Dinimizda iftorlikni tezlashtirishga targʻib qilingan, ogʻiz ochishni qasddan shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir.
Savol: Roʻzadorning qayt qilishi roʻzani buzadimi?
Javob: Roʻzador qasddan qayt qilmasa roʻzasi ochilmaydi. Agar qasddan, oʻzini-oʻzi qayt qildirsa roʻza ochiladi.
Savol: Roʻzadorning ogʻziga yomgʻir kirsa, roʻzaga taʼsiri yoʻqmi?
Javob: Roʻzador kishining ogʻziga beixtiyor yomgʻir tomchilari yoki qor parchalari kirib, tomogʻidan oʻtsa, roʻzasi buziladi va qazo roʻza tutishi vojib boʻladi.
Savol: Agar kishi saharlikka yegan taomlarining mayda qoldiqlari tish kovaklarida qolib ketsa, ogʻiz yopilgandan keyin oʻsha taom qoldiqlari taʼmi sezilsa, roʻzadorning tutgan roʻzasi durust boʻladimi?
Javob: Saharlikdan soʻng tishning oralarida qolgan narsa noʻxat miqdoridan kichikroq boʻlib, uni yutib yuborsa zarari yoʻq. Lekin ogʻizdan tashqariga chiqarib, soʻng ogʻizga qayta solib yutsa, roʻza ochiladi. Noʻxat miqdoricha yo kattaroq boʻlsa, roʻza ochiladi.
Savol: Ramazonda sovchilik qilish hamda iftorlik vaqtida nikoh toʻyi qilish mumkinmi?
Javob: Mumkin.
Savol: Roʻzador insonni qon oldirishi mumkinmi?
Javob: Boʻladi.
Savol: Agar ayol kishining emizikli bolasi boʻlsa va u 1 yoshda boʻlsa roʻza tutish mumkinmi?
Javob: Oʻzingizga yoki bolangizga zarar yetadigan boʻlsa, tutmaslikka ruxsat bor. Keyin bir kuniga bir kun tutib berasiz.
Savol: Sovun yoki shampun bilan rohatlanib choʻmilsa, roʻza ochiladimi?
Javob: Ogʻiz va burnidan kirib ketmasa ochilmaydi.
Savol: Hayitning birinchi kunidan keyin roʻza tutish mumkinmi?
Javob: Mumkin.
Savol: Saharlik qilmasa ham roʻza tutgan hisoblanadimi?
Javob: Saharlik qilish sunnat. Fajr vaqti kirganidan keyin yeb-ichmagan kishi kunning yarmi boʻlgunicha roʻzaga niyat qilib olishi kifoya qiladi. Qazosi shart emas.
Savol: Ramazon kunlarida peshingacha uxlab olsa boʻladimi?
Javob: Joiz.
Savol: Saharlikdan keyin uxlagan odam, uyqu vaqtida ehtilom boʻlsa, roʻzasi ochiladimi?
Javob: Ehtilom boʻlish yaʼni uyquda bulgʻanish roʻzani buzmaydi. Chunki, bunday holat kishining oʻz ixtiyori bilan sodir boʻlmaydi. Ehtilom boʻlgan roʻzador uyqudan turgach, darrov gʻusl qilib oladi.
Oʻzbekiston musulmonlar idorasi Fatvo boʻlimiga tegishli fatvo.uz sayti maʼlumotlari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat