Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda gaz ta’minoti korxonalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasi haqida ma’lumot berildi.
Vazirlik axborotiga ko‘ra, joriy yil mart oyida 559 ta holatda ulgurji iste’molchilar tomonidan 79 mln kub metr (76,3 mlrd so‘m) hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
76,3 mlrd so‘m Markaziy bankning joriy kursida 6,7 mln dollardan ortiqni tashkil etadi.
Gazdan noqonuniy foydalanish holatlari, asosan:
- Buxoro viloyatida 24,3 mln kub metrni (24,2 mlrd so‘m),
- Farg‘ona viloyatida 19,3 mln kub metrni (19,3 mlrda so‘m),
- Jizzax viloyatida 9,9 mln kub metrni (10 mlrd so‘m),
- Samarqand viloyatida 10,1 mln kub metrni (8,5 mlrd so‘m),
- Toshkent shahrida 7,1 mln kub metrni (7,1 mlrd so‘m) tashkil etgan.
Noqonuniy foydalanish holatlari iste’molchilar toifasi bo‘yicha:
- AGTKShlarda 22 ta holatda (41,7 mlrd so‘m),
- issiqxonalarda 17 ta holatda (1,1 mlrd so‘m),
- boshqa ishlab chiqarish korxonalarida (asfalt, ohak, gips, chinni mahsulotlari, non mahsulotlari) 90 ta holatda (24,9 mlrd so‘m),
- umumiy ovqatlanish shoxobchalarida 54 ta (1 mlrd so‘m) holatlar aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Avvalroq Energetika vazirligi mart oyida elektr energiyasidan 21,9 mlrd so‘mlik noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida “svet” va gazdan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilandi.
Bosh prokuraturaga energoresurslar o‘g‘irlanishi bo‘yicha nazoratni kuchaytirish topshirilgan. Gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari haqida prokuraturaga EnergonazoratBot Telegram-boti orqali xabar berish mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring