13:20 / 05.05.2023
426

Shubhali “M”: afg‘onlarning “anor sharbati” operatsiyasi o‘xshamadi

Shubhali “M”: afg‘onlarning “anor sharbati” operatsiyasi o‘xshamadi
Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona postida Afg‘onistondan olib o‘tilayotgan ko‘p miqdordagi sintetik giyohvand vositasi fosh etildi. Mazkur giyohvand vositasi qadoqlangan anor sharbatlari tarkibida bo‘lgan.
 
Giyohvand vositalarining noqonuniy aylanmasi va muomalasiga doir navbatdagi qonunbuzarlik holati fosh qilindi. Bu haqda Kun.uz'ga Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali Afg‘onistondan kirib kelgan yuk mashinasi bojxonachilarda shubha uyg‘otgan. Hujjatlarga ko‘ra, mazkur yuk mashinasiga 9 ming dona plastik idishga qadoqlangan 18 tonna anor sharbati ortilgan bo‘lib, yuk poytaxtdagi MCHJlardan birining nomiga yuborilgan. Ammo bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan “Xavflarni boshqarish” tizimida yuklar “qizil” yo‘lakka yo‘naltiriladi. Sababi, nimadir shubhali edi.
 
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan DXX, ichki ishlar idoralari va chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda yuk mashinasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Ko‘rik davomida ayrim anor sharbati idishlariga “M” harfi belgisi tushirilgani hamda aynan shu idishlardagi sharbatning rangi ham boshqalaridan biroz farq qilishi shubhalarni yanada oshiradi. Qolaversa, aynan shu idishlarning og‘zidagi himoya qatlamlari ham avval ochib ko‘rilgani ma’lum bo‘ladi. 
Sharbat tekshirib ko‘rilganida, uning tarkibida metamfetamin sintetik giyohvand vositasi borligi aniqlangan. Odatda kristallsimon ko‘rinishda bo‘ladigan metamfetaminni qonunbuzarlar keyinchalik laboratoriya yoki oddiy uy sharoitida sharbat tarkibidan ajratib olishni rejalashtirishgan.
 
Aynan “M” harfi tushirilgan sharbatlar soni 48 dona bo‘lib, idishi bilan hisoblaganda ularning umumiy og‘irligi 103 kgni tashkil qilgan. Dunyo bo‘ylab qora bozorda metamfetaminning 1 grammi hatokki 700 AQSH dollarigacha ko‘tarilgani inobatga olinsa, mazkur holatda to‘xtatib qolingan ushbu moddaning umumiy qiymati bir necha o‘n million dollarga yetadi.
 
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
 
Ma’lumot uchun, bojxonachilar tomonidan 2022 yilda 41 ta holatda 109.3 kg, 2023 yilning 1 choragida esa 10 ta holatda 103,3 kg og‘irlikdagi sintetik giyohvand vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat