
Yana telefondan yuborilgan diniy ma’ruza uchun do‘stlarimizdan biri tergov qilinmoqda. Bu jarayon odatiy, ommaviy va xavfli tus olmoqda. Qizig‘i, telefondagi nashid yo ma’ruza uchun boshqa biror davlatda kishilar qattiq jazolanayotgani yoki qamalayotgani haqida ma’lumotga ega emasman.
Aslida taqiqlangan ma’ruza eshitish yoki kitob o‘qish fikrni shakllantiradi. Shakllangan noto‘g‘ri fikrga qarshi to‘g‘ri fikr va targ‘ibot bilan kurashish eng maqbul yo‘l va o‘rinli chora. Bunda fikr egalari, ziyolilar va olimlar xizmatidan foydalaniladi.
Agar noto‘g‘ri fikr noto‘g‘ri xatti-harakatga undasa, u holda jazo xatti-harakat sohasiga daxldor, ya’ni kuchishlatar tizim xodimlari tomonidan ko‘rilishi kerak.
Masalan, Misr, Turkiya yoki Malayziya kabi aholisi musulmon dunyoviy davlatlarda turli xil fikrlarni olg‘a surgan kitoblar do‘konlarda sotilaveradi. Ulardan ta’sirlangan kishilar jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida huquqlaridan foydalanaverishadi. Ammo ish taqiqlangan jamoatlar tuzish yoki jinoiy xatti-harakatlar sodir etish tomon yursa, tegishli qonuniy choralar ko‘riladi. Nazarimda bu muammoga nisbatan oqilona yondashuv.
Aytmoqchi bo‘lganim, jazo sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoyatga munosib va muvofiq bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa, jamiyat fikr politsiyasi hukmron va fikr o‘lgan jamiyatga aylanadi. Bunday jamiyat Alloh tomonidan aql bilan siylangan insonlar jamiyati emas, beaql qo‘ylar podasi hisoblanadi.
Biz bu muammoni olib chiqish, aybdorlarni qarg‘ash yoki mazlumlarning jazosini donalab yengillatish bilan bilan emas (ayrim ayblanuvchilar ishiga davlat yo jamoat arboblarining aralashuvi jazoni yengillatmoqda), qonundagi jinoyat va jazo nomutanosibligini bartaraf etish bilan adolatga erishishimiz mumkin. Shunday ekan, Oliy majlis deputatlari va qonun chiqarish va ijrosiga daxldor boshqa tomonlarni "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning muammoga tegishli moddalarini o‘zgartirishga chaqiraman!
Mubashshir Ahmad,
Azon loyihalari muallifi
Manba: Azon.uz
Diniy Ma'ruzaHuquqbuzarlikFikr PolitsiyasiTaqiqlangan KitoblarO'zbekiston RespublikasiMusulmon Davlatlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing