21:13 / 30.05.2023
732

Toshkentda Ukraina bayrog‘i yechilishining qanday oqibatlari bor?

Toshkentda Ukraina bayrog‘i yechilishining qanday oqibatlari bor?
Ukrainadagi urush masalasida O‘zbekiston hukumati neytral pozitsiya tanlaganini tushunish mumkin, lekin bu neytrallik jamiyatdan ham talab qilinishi to‘g‘ri emas. Bu qonunchilikka ham, siyosiy manfaatlarga ham zid. Qolaversa, davlat o‘z fuqarolariga bosim qilayotganini ko‘rgan tashqi kuchlar bosimni yana ham oshirishi mumkin.
 
23 may kuni, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan biridan, balkonda osilib turgan Ukraina bayrog‘i yechib olingan. Xonadon 8-qavatda joylashgan bo‘lgan. Bayroq esa, balkonning ichki qismida ilingan bo‘lgan.
 
Bu vaqtda uy egasi Rejep Latipov oilasi bilan Turkiyada dam olishda bo‘lgan. Ichki ishlar xodimlari xonadon egasiga telefon qilib, undan “Ukraina fuqarosimisiz?” deb so‘ragan. “Yo‘q, O‘zbekiston fuqarosiman” degan javob olingach, uni balkonidagi ilinib turgan Ukraina bayrog‘i olib tashlanishini aytishgan.
 
Bir qarashda, kimnidir balkonidan boshqa davlatning bayrog‘i yechib olinishi – kichik ishdek ko‘rinishi mumkin. Lekin, aslida, bu O‘zbekiston ichki va tashqi siyosati uchun, jiddiy masala.
 
Avvalo, ichki ishlar xodimlari tomonidan, maxsus texnika yordamida, Latipov xonadonidan Ukraina bayrog‘ini olib tashlanishi, teskari effekt berdi. Ukraina bayrog‘i reklama qilindi. Jamiyat ko‘plab savollar berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, o‘zbekistonliklar “bu ish qonuniymi?”, “nahotki Rossiyadan qo‘rqish shu darajada bo‘lsa?!” degan fikrlar bildirishdi.
 
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, faqat O‘zbekiston bayrog‘iga nisbatan munosabatlar huquqiy tartibga solingan. Boshqa davlatlarning bayroqlariga o‘zbekistonliklarning munosabati, na salbiy, na ijobiy shaklda, reglamentga solinmagan. Demak, qonunga ko‘ra, biron o‘zbekistonlikning boshqa davlat bayrog‘ini o‘z uyiga ilib qo‘yishi – huquqbuzarlik emas.
 
Ukraina–Rossiya urushida O‘zbekiston o‘zining neytralligini ta’kidlab keladi. Lekin O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Senati va boshqa davlat organlari hamda mulozimlarining shu paytgacha berilgan bayonotlaridan bilish mumkinki, O‘zbekistonning betarafligi – befarqlik emas.
 
Ya’ni, O‘zbekiston o‘zining betarafligini bildirar ekan, ushbu betaraflik zamirida davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi kabi qadriyatlarni ko‘rishini aytib keladi. Bu bilan, O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini urg‘ulovchi neytrallikda turadi. Neytrallikdan maqsad esa – O‘zbekistonni ushbu urushga, mojaroga tortishlariga imkon bermaslik.
 
Muhim nuqta, Ukraina–Rossiya urushida nazarda tutiladigan “neytrallik” – bu davlatning pozitsiyasi. Ya’ni hukumatning, hokimiyatning pozitsiyasi. Lekin, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga ko‘ra, xalq, jamiyat erkin bo‘lishi, hokimiyat mana shu erkinlikni ta’minlashi kerak.
 
Neytrallik xalqqa nisbatan joriy qilinishi mumkin emas. Oddiy odamlardan “urushda hech kimni tarafida turmang!” deyish g‘alati bo‘ladi. Buni talab qilish va ta’minlash – davlatning huquqiy emasligini bildiradi, odamlardan erkin fikrlash va qadriyatlarini ifoda qilish huquqini olib qo‘yganini anglatadi.
 
Huquqiy-demokratik davlatlarda, hokimiyatning pozitsiyasini ham xalq, jamiyat belgilab beradi. Agar hokimiyat Rossiyadan ehtiyot bo‘lib, neytrallik e’lon qilganda ham, buni xalqdan talab qilishi, qonunchilikka va siyosiy manfaatlarga zid hisoblanadi.
 
Endi, ichki ishlar tizimi, fuqaroning daxlsizligini qo‘pol buzib, uning balkonidan Ukraina bayrog‘ini olib tashlar ekan, bu ishning bir qancha salbiy oqibatlari bo‘ladi.
 
Bundan keyin, ichki ishlar tizimi, SSSR bayrog‘i, Georgiy lentasi va shunga o‘xshash timsollar bilan ham kurashishi kerak bo‘ladi. Bu ishni Ichki ishlar vazirligi qila oladimi?
 
O‘z fuqarolariga bosim qilayotgan davlatni ko‘rib, Rossiya O‘zbekistonga bosimni yanada oshirmaydimi? Qo‘rquv va ehtiyotkorlik motivi asosida fikrlaydigan davlat, tashqi bosimlarga juda qulay bo‘lib qolishi aniq holat-ku.
 
Misol uchun, qo‘shni Qozog‘iston hukumati ham Ukraina-Rossiya urushida, neytralligini bildirdi. Lekin xalq, jamiyat shu paytgacha ko‘plab namoyishlar o‘tkazib, urushga qarshi o‘z e’tirozini bildirdi, minglab namoyishchilar Ukraina bayroqlarini ko‘tarib, ushbu davlatga o‘z hurmatlarini bildirishdi.
 
O‘zbekistonda esa, davlat, kimnidir hech kimga ko‘rinmaydigan balkonida osilib turgan Ukraina bayrog‘ini olib tashladi. Bu bilan, davlatning ichki va tashqi siyosati, manfaatlari va qadriyatlari uchun, huquqiy ziddiyat va muammo yaratildi.
 
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda Ukraina bayrog‘i yechilishining qanday oqibatlari bor?
ePN