23:59 / 08.06.2023
87

Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Rim shahridagi Kvirinal saroyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya prezidenti Serjo Mattarellaning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan kelish taklifi va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, prezident Serjo Mattarella va Italiya xalqini kuni kecha o‘tgan milliy bayram – Respublika e’lon qilingan kun bilan qutladi.

Italiya prezidenti O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, mamlakatning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Davlat rahbarlari iqtisodiy hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdi. Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni ikki barobar ko‘paydi. O‘zbekistonda Italiyaning Pietro Fiorentini, Terra-nova, Danieli, Imagro, Ansaldo, Saipem kabi yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Prezidentlar kuni kecha o‘tgan biznes-forum natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning yakunida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston va Italiyaning madaniy-tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etishga kelishib olindi. Ta’lim, arxeologiya, ekologik xatarlarga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.

Toshkentda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Ketma-ket uch yil O‘zbekiston Venetsiyadagi Xalqaro biyennaleda ishtirok etib kelmoqda.

Yil boshidan O‘zbekistonga kelayotgan italiyalik sayyohlar soni 5 karra ko‘paydi. Joriy yil aprel oyidan boshlab Toshkent va Milan o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani turistlar oqimining oshishiga xizmat qiladi.

Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar, eng avvalo, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordamni davom ettirish hamda maxsus vakillarning maslahatlashuvlarini muntazam o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Serjo Mattarellani mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Italiya prezidentini O‘zbekistonga taklif qildi
ePN