date
views 170

Shavkat Mirziyoyev: «Turizm eksportini 3-4 barobar oshirsak, paxta ekmasak ham bo‘laveradi»

Shavkat Mirziyoyev: «Turizm eksportini 3-4 barobar oshirsak, paxta ekmasak ham bo‘laveradi»

Foto: O‘zLiDeP
O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida kelgusi yetti yilda turizmni rivojlantirishga oid rejalar haqida to‘xtaldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ichki aviareyslar soni oshiriladi, sayyohlarga «tax-free» joriy qilinib, tur-operatorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab qatnaydigan avtobus kompaniyalari tashkil etiladi.

«Turizm sohasida yaratilgan 1 ta yangi ish o‘rni boshqa sohalarda yana 2 ta ish o‘rni paydo bo‘lishiga turtki beradi. Ochiq aytadigan bo‘lsak, jazirama issiq va izg‘irin sovuqda, hammani paxtaga majburiy safarbar etgan yillarda ham, O‘zbekiston paxta tolasining eksporti 1 milliard dollardan oshmagan.

Hozirgi kunda turizm eksporti bu marradan oshib o‘tdi. Agar uni 3-4 barobar oshirsak, jaydari qilib aytganda, paxta ekmasak ham bo‘laveradi», dedi Mirziyoyev.

Uning turimzga oid rejalarida:

— barcha xalqaro aeroportlarda xorijiy turistlarga O‘zbekistonda sotib olgan mahsuloti uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish yo‘lga qo‘yish;

— xorijdan turist olib kelgan tur-operatorlarga eksportchi korxonalar kabi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytarib berish;

— tur-operatorlar transportiga shahardagi turistik marshrut va obektlarga borish uchun qulay harakatlanish sharoitlari ta’minlash;

— chet eldan olib kelingan turistik transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 3 yil ichida foizsiz va bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish maqsad qilingan.

Nomzodga ko‘ra, ichki turizmni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratish ortidan 2030 yilga borib kamida 25 million aholi mamlakat bo‘ylab sayohat qilishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Xususiy sheriklik asosida:

  • vodiydan Toshkent, Nukus, Buxoro va Urganch shaharlariga kunlik aviareyslar ko‘paytiriladi;
  • mamlakatimiz miqyosida shaharlararo avtobus qatnovini ta’minlaydigan kompaniyalar tashkil etiladi;
  • vodiyning tuman va shaharlarini bog‘lovchi «Oltin vodiy sayyohlik halqasi», Xorazm va Qoraqalpog‘iston bo‘ylab «Qal’alar halqasi» kabi yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi;
  • yaxshi qo‘shnichilik siyosatini davom ettirib, Namanganda Nanay va Farg‘onada Shohimardon hududlarining turizm salohiyati to‘liq ishga solinadi;
  • hududlarda yana 4 mingta mehmonxona, mehmon uylari va hostellar tashkil etilib, mehmon o‘rinlari soni kamida 2 barobar oshiriladi (120 mingdan 250 mingga).

Nogironligi bor shaxslar uchun esa «To‘siqsiz turizm» dasturi ishlab chiqiladi. Bunda:

  • har bir viloyatdan yiliga 1 ming nafardan nogironligi bo‘lgan shaxslarning Samarqand, Buxoro va Xivaga bepul sayohatlari tashkil qilinadi;
  • kelgusi ikki yilda 200 ta madaniy meros va 100 ta konsert-tomosha obektlari, aeroport, avto va temir yo‘l vokzallarida zarur infratuzilma yaratiladi.

«Bu dasturni amalga oshirish uchun har yili 200 milliard so‘m ajratilib, umuman, turizm loyihalariga 2030 yilga qadar 2,5 milliard dollar investitsiyalar yo‘naltiriladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: «Turizm eksportini 3-4 barobar oshirsak, paxta ekmasak ham bo‘laveradi»