23:43 / 29.06.2023
302

Abduvali Xoliqov: “Sirtqi ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazmoqchimiz”

Abduvali Xoliqov: “Sirtqi ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazmoqchimiz”

Oliy ta’lim muassasalaridagi sirtqi ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Abduvali Xoliqovning aytishicha, hozirda sirtqi ta’lim shakli o‘zini to‘liq oqlamayapti, tizimda bir qator kamchiliklar mavjud.

“Sirtqi ta’lim qaysidir sohada mehnat faoliyatini yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar uchun bo‘lishi kerak. Bizda esa hamma umumiy qabul qilinadi. Bu yildan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi sirtqi ta’limga ushbu sohada faoliyat olib borayotganlar kiradi. U maktabdagi o‘qituvchilar sifatini oshirish uchun qilinadi. Boshqa sohalarda ham bu ish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ya’ni sirtqida o‘qish uchun qayerdadir ishlayotgan bo‘lishi kerakligi talab etiladi.

2022 yildan boshlab masofaviy ta’lim joriy etildi. Ikki yillik tahlillarga asoslanib, sirtqini masofaviy shaklga o‘tkazish masalasini ko‘ryapmiz. Ya’ni masofaviy ta’limda sirtqiga o‘xshab faqat darsga kelganda emas, talaba platforma orqali doimiy onlayn topshiriqni olib turadi. Faqat bunga biz texnik tomondan tayyor bo‘lishimiz kerak. Talaba tomon ham. Oliy ta’limda barcha sharoitni qilsangiz-u, uzoqdagi talabaning interneti yoki boshqa imkoniyatlari bo‘lmasa, bu ham jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sirtqi ta’limdagi shakllar bosqichma-bosqich tarzda masofaviyga o‘tadi. Chunki dunyoga qarasak, ikkalasi birga turibdi. Sirtqi ta’limdan voz kechilishi kerak. Bugungi kunda u eskirgan holatga kelib qoldi, o‘zini oqlamayapti” — dedi u.

Abduvali Xoliqovning qo‘shimcha qilishicha, masofaviy sirtqi ta’limga o‘tish uchun bir qator masalalar hal etilishi kerak.

“Masofaviy sirtqiga qachon o‘tilishini jarayon belgilab beradi. Oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Balki, uch yil yoki besh yilcha vaqt ketar. Platformalarni shakllantirish, internet tezligi yaxshi bo‘lishi zarur. Ya’ni imkoniyatlar va sharoit yetarli bo‘lgachgina tizim ishlaydi. Bu yerda masofaviy zo‘r bo‘lyapti deb, yo‘nalishlarni kengaytirib tashlayversak foydasi yo‘q. Ishlamasa, faqat qog‘ozda yoki gapda qolib ketadi” — dedi mutaxassis.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abduvali Xoliqov: “Sirtqi ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazmoqchimiz”
ePN