13:33 / 16.07.2023
110

Abituriyent –2023: qabul bo‘yicha nimalar ma’lum?

Abituriyent –2023: qabul bo‘yicha nimalar ma’lum?

Joriy yil 20-iyul (payshanba) kuni 2023—2024-o‘quv yili uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlanadi.

Hujjatlar “my.uzbmb.uz” yoki “my.gov.uz” elektron platformalari orqali 20-iyul (shu kuni ham) kuniga qadar onlayn qabul qilinadi.

Qancha abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi?

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabarida 15-iyul soat 21:00 holatiga ko‘ra, bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga jami 615 ming 647 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgani maʼlum qilindi. Shundan, 323 ming 039 nafari avvalgi yil bitiruvchilari, 292 ming 608 nafari joriy yilgi bitiruvchilardir.

Infografika: Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 
Kunduzgi taʼlim uchun jami 403 ming 524 nafar, sirtqiga 192 ming 321 nafar, kechkiga 15 ming 541 nafar, masofaviy taʼlimga 4 ming 261 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

So‘ngi bir hafta ichida, 15-iyul kuni eng ko‘p — 66 ming 641 nafar abituriyent hujjat topshirgan.

Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan hududlar

Bilimni baholash agentligi 15-iyul 18:00 holatiga bergan maʼlumotida eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan hududlar beshtaligi keltirilgan. Birinchi o‘rinda Samarqand viloyati qayd etilgan bo‘lib, mazkur hududda jami 69 ming 926 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.

Keyingi o‘rinlarda:

  • Qashqadaryo viloyatidan 69 ming 79 nafar;
  • Farg‘ona viloyatidan 57 ming 331 nafar;
  • Toshkent viloyatidan 53 ming 487 nafar;
  • Surxondaryo viloyatidan 49 ming 674 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Infografika: Bilimni baholash agentligi

Eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan universitetlar

Agentlik taqdim etgan axborotda eng ko‘p abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan OTMlar qatorida O‘zbekiston milliy universiteti birinchi o‘rinda (23 ming 552 nafar) qayd etilgan.

Keyingi o‘rinlarda:

  • Farg‘ona davlat universiteti ( 18 ming 218 nafar);
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (18 ming 192 nafar);
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti (18 ming 165 nafar) ;
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (17 ming 511 nafar) joy olgan.

Bu yil davlat OTMlariga qancha talaba qabul qilinadi?

2023/2024-o‘quv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, joriy o‘quv yilida davlat OTMlariga jami 206 ming 857 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilinadi. Shundan 43 ming 783 nafari grant, 163 ming 74 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov jurnalistlar bilan muloqotda bu yil grant uchun ko‘proq kvota berilganini aytgan.

“Bakalavriatga (kunduzgi) kvotalar soni o‘tgan yilgiga nisbatan grant 10 foizga, kontrakt 1 foizga oshirildi. Bu yangi o‘quv yilida 2022-yilga nisbatan 10 foiz ko‘proq bolalarga davlat granti asosida o‘qish imkoniyat yaratilmoqda degani. Magistaratura yo‘nalishiga 8 ming 923 ta davlat granti ajratilgan bo‘lsa, 8 ming 170 ta o‘rin to‘lov-shartnomasi uchun tasdiqlandi”, — degan u.

Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Farhod Mirzayevning taʼkidlashicha, imtihonlarni o‘tkazish uchun tayorgarlik ishlari rejadagidek ketmoqda.

“Bu yil respublikadagi 92 ta binoda test jarayonlari o‘tkaziladi. Bir smenada 44 ming nafardan ortiq abituriyentlar imtihon topshira oladi. Bir kunda esa 90 mingga yaqin abituriyent test jarayonida qatnashadi, — degan mutaxassis.

Maʼlumot o‘rnida: ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentdan faqatgina ikkita — pasport (yoki ID karta) va o‘rta taʼlimni bitirgani haqidagi hujjat talab qilinadi. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish uchun haftaning barcha kunlarida 24 soat davomida imkoniyat mavjud. Talabgor beshtagacha taʼlim yo‘nalishini tanlash mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 30-iyundan boshlab magistratura mutaxassisliklari uchun ham hujjat topshirish jarayoni o‘tkazilmoqda. 15-iyul soat 21:00 holatiga ko‘ra, mazkur yo‘nalish uchun 5 ming 544 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Hujjatlar magistr.edu.uz elektron platformasi orqali 30-iyul (shu kuni ham) kuniga qadar onlayn qabul qilinmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abituriyent –2023: qabul bo‘yicha nimalar ma’lum?
ePN