Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
2023 yil yanvar-avgust oylarida 308 mln 845 ming metr kub tabiiy gaz va 197 mln 623 ming kilovatt-soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lumot berdi.
«O‘zenergoinspeksiya» tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 6 ming 305 holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi», deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, 8 oy davomida 308 mln 845 ming metr kub tabiiy gaz (286 mlrd 291 mln so‘m) va 197 mln 623 ming kilovatt-soat elektr energiyasi (103 mlrd 894 mln so‘m) talon-toroj qilingan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 390 mlrd 185 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi – Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Inspeksiyaning Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 200 ta holatda 5 mln 225 ming litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlangan.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!