Foto: Dunyo AA
O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi, Finlandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va Nordik xalqaro universiteti tomonidan mamlakatning 11 ta oliy ta’lim muassasasidan 24 kishilik delegatsiyaning Stokholmga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Safar doirasida o‘zbek delegatsiyasining Syodertyorn universiteti rektori professor Gustav Amberg, prorektori professor Anna Mariya Yonsson, ushbu universitet qoshidagi Boltiq va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi xodimlari va tadqiqotchilari bilan uchrashuvlari tashkil etildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari va Syodertyorn universiteti o‘rtasida pedagog va o‘qituvchilarni tayyorlash sohasida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Shvetsiyada qisqa malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, Toshkent va Stokholmda qo‘shma konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish hamda boshqa bir qator yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunida Syodertyorn universiteti bilan qator sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!