Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev festival ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi, uni Prezident administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odiljon Abdurahmonov o‘qib eshittirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad Al Qaddumiy O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirish, ayniqsa, hunarmandlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xalqaro hunarmandlik festivali ana shu say’-harakatlarning yuksak namunasi ekanini qayd etdi.
Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan tadbirda 70 ta mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy san’ati ustalari, mutaxassislar, soha olimlari, faxriy mehmonlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etmoqda.
Nufuzli tadbirga uyg‘un holda Rishton tumanida xalqaro kulolchilik forumi o‘tkaziladi. Tadbirning ilk kunida xorijlik va mahalliy soha vakillari ishtirokida «An’anaviy badiiy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirish sohasida jahon amaliyoti» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Festival doirasida bir qator tadbirlar, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, etno-moda namoyishlari, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik va dorboz tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovi, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!