Qo‘qonda 10 yoshli qizning o‘limiga sabab bo‘lgan YTH tafsilotlari ochiqlandi

Avvalroq Qo‘qon shahrida voyaga yetmagan haydovchi 3 nafar qizaloqni urib yuborib, ulardan birining umriga zomin bo‘lgandi. IIV ushbu YTH yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, 20 may kuni Qo‘qonda Malibu-2 ruliga o‘tirgan maktab o‘quvchisi piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 10 yoshli 3 nafar qizni urib yuborgan. Aniqlanishicha, qizlardan biri shifoxonada vafot etdi, yana ikki nafari esa og‘ir ahvolda. IIV hodisa videosi va rulda bo‘lgan o‘smir bilan uning bobosi uzr so‘ragani, bundan pushaymon ekani aks etgan lavhalarni e’lon qildi.
Videoda Malibu katta tezlikda kelib, bolalarni urib yuborgani ko‘rinadi. O‘smirning aytishicha, u mashinani ruxsatsiz olib, do‘stlari bilan shunchaki aylanish uchun chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, bobosi unga mashinani uyda yuvish uchun kalitni bergan, lekin u shaharga haydab ketgan.
Voyaga yetmagan yigit haydovchilik guvohnomasi bo‘lmaganini bildirgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voyaga yetmagan haydovchi ushlangan, tergov davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!