Foto: Dunyo AA
O‘zbekiston elchixonasida elchi Ulug‘bek Maqsudov Saudiya Arabistonining K-Dot Rartners kompaniyasi ijrochi direktori Faysal al-Dovud bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoniga O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Saudiya vakili O‘zbekistonda Dhaef Global Resruitment kompaniyasini tashkil etganini ma’lum qildi va mazkur kompaniya Saudiya Arabistoniga o‘zbekistonlik ishchilarni qonuniy tarzda jalb etishga ko‘maklashishini bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, ishga qabul qilingan va shartnoma imzolagan ishchilar Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi tomonidan mutaxassisligi bo‘yicha ishlab chiqilgan «Musanid» platformasi orqali viza bilan ta’minlanadi.
Dhaef Global Resruitment ayni paytda O‘zbekistondagi Hilton Asademy o‘quv-mashg‘ulot markazi bilan hamkorlik o‘rnatib, ishga jalb etilganlarni tajriba ko‘nikmalari, ingliz va arab tili bo‘yicha bilimlarini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda amaliyot o‘tab, podshohlikka kelgan ishchilar ushbu davlatdagi «Mahara» o‘quv markazida takroran amaliyot o‘taydi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga taqsimlanadi.
Qayd etilishicha, xizmat ko‘rsatish, aviatsiya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalariga O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Saudiya Arabistonida oshpaz va ofitsiantlarga talab yuqori bo‘lgani bois mazkur yo‘nalishda ham ishchilarni yollash nazarda tutilmoqda.
Uchrashuv yakunida K-Dot Rartners kompaniyasi ijrochi direktori Faysal al-Dovud boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil 30 noyabr-5 dekabr kunlari O‘zbekistonga amaliy safarini tashkil etish hamda mamlakat tegishli vazirlik va idoralari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralarini uyushtirishga kelishib olindi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring