Rossiya gigant sovuq antisiklon ta’sirida, Qozog‘iston shimolida -35°C sovuq. Bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?
Markazda atmosfera bosimi 1064 gPa bo‘lgan gigant sovuq antisiklonning ta’sir zonasi
Rossiyaning 60 foiz qismi gigant sovuq antisiklon ta’sirida. Mazkur antisiklon markazi (yadrosi) Ural va Volgabo‘yida bo‘lib, uning ta’siri asta-sekin janubiy sharqqa tomon “surilmoqda”. Qozog‘iston shimolida esa allaqachon -35°C sovuq harorat ro‘yxatga olindi. Mazkur harorat O‘zbekistonga qay darajada ta’sir qilishi yuzasidan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tushuntirish berdi.
Erkin Abdulahatovning aytishicha, Rossiyaning ko‘plab hududlarida so‘nggi 40 yillikda bu kabi sovuqlik kuzatilmagan.
"11—13 dekabr kunlari ushbu antisiklonning janubiy chekka qismi O‘zbekistonning kattagina hududiga ta’sir qila boshlaydi.
13 dekabrdan boshlab shimoldan haroratning bir oz yuqori ko‘tarilib borish hodisasi mazkur sovuqlik to‘lqinining O‘zbekistonda uzoq davom etmasligini ko‘rsatadi", — deydi iqlimshunos.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston uning faol davrida ham janubiy chekka qismida turibdi.
"Bu, gigant sovuq antisiklon O‘zbekistonga kuchli ta’sir etmaydi degani. Agarda, mazkur antisiklonning markazi Qozog‘iston markazidan o‘tganda bormi O‘zbekiston anomal sovuqlik qarshisida bo‘lardi.
Mana shu havo oqimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Navoiy viloyati shimolida (deyarli aholi yashamaydigan hududlar) haroratni sezilarli darajada pasaytirish kuchiga ega.
Janubda esa aksincha haroratning o‘zgarayotganini aholi deyarli sezmaydi ham", — dedi u.
Iqlimshunosning qo‘shimcha qilishicha, ushbu sovuqlik bizda mavsumiy kasalliklar kamayishiga olib keladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring