Foto: Oliy sud
11 dekabr kuni Toshkentda jadidchilik harakatiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi. Tadbirning ochilishida prezident Shavkat Mirziyoyevning spichrayteri Xayriddin Sultonov davlat rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.
“Keyingi yillarda O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi yangi qadam bo‘ldi.
Ayni vaqtda, yurtimizda har yili avgust oyini “Qatag‘on qurbonlarini yod etish oyi” sifatida o‘tkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari o‘rnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-e’tibor ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Mahalla idoralarida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari” va “Mahalla xotira kitoblari”ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatag‘on qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan to‘plam tayyorlash rejalashtirilgan”, – deya ta’kidlagan prezident.
Davlat rahbarining qayd etishicha, qatag‘on mavzusida arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiriladi.
Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun maqsadli grantlar e’lon qilish, yangi badiiy va publitsistik asarlar yaratish, xorijiy ilm-fan markazlari, fondlar va muzeylar, kutubxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring