Toshkent viloyatida noqonuniy baliq ovlagan fuqaro salkam 19 mln jarima to‘laydigan bo‘ldi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Golden Fish Group MCHJ qo‘riqlash xizmati hamda viloyat ekopatrul xodimlari tomonidan navbatdagi monitoring va nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Tuyabo‘g‘iz” suv omborida bo‘lib o‘tgan reyd davomida noqonuniy ov qilish holatlari aniqlangan. Xususan, fuqaro M.N. taqiqlangan ov quroli yordamida 87 ta tovon baliq, 1 ta zog‘ora baliq, 5 ta ilonbosh, 16 ta oqsila (sudak), jami 109 ta baliq ovlagan. Natijada tabiatga 15 million 503 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi (ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Fuqaro M.N. bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari — 3 million 300 ming so‘m (noyabr holatiga ko‘ra) miqdorida jarimaga tortilgan. Huquqbuzar qilmishi uchun yetkazilgan zarar va belgilangan jarima — jami 18 million 803 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.
Shuningdek, tadbir davomida baliq ovlovchilarga noqonuniy usullar va taqiqlangan qurollar bilan ov qilmaslik yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring