Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev 12 dekabr kuni matbuot anjumani o‘tkazib, jinoyatchilikka qarshi “Dolzarb 40 kunlik” doirasidagi tezkor-profilaktik tadbirlar yuzasidan ma’lumot berdi.
“2023 yil 27 noyabrdan boshlab Toshkent shahrida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan maxsus tezkor tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir qator guruhlar tashkil etilib, Qudratullayev, Saidaliyev va ularning jinoiy aloqalari, yetakchi va yetakchilik qiluvchi shaxslar, respublikamizning boshqa viloyatlaridan kelib, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan shaxslar va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan boshqa shaxslarga nisbatan tezkor tadbirlarni amalga oshirish boshlandi”, – dedi Toshxo‘jayev.
IIBB rasmiysiga ko‘ra, o‘tkazilgan maxsus tadbirlar doirasida Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan jami 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:
- 165-modda: tovlamachilik, jazo muddati 10 yildan 15 yilgacha);
- 168-modda: firibgarlik, 8 yildan 10 yilgacha;
- 248-modda: qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalarga qonunga xilof ravishda egalik qilish, 10 yildan 20 yilgacha;
- 273-modda: giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va b. 10 yildan 20 yilgacha;
- 276-modda: giyohvandlik vositalari yoki psixotrop vositalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va b. 3 yildan 5 yilgacha;
- 277-modda: bezorilik, 3 yildan 5 yilgacha.
Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyat ishlari doirasida jami 103 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan. Shundan 52 nafar shaxsga nisbatan sud ajrimiga asosan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 2 nafari JPKning 221-moddasi, 1 nafari JPKning 224-moddasiga asosan ushlangan. Shuningdek, 48 nafari bilan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring“Yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan uyushgan guruh va jinoyatlarni sodir etgan shaxslar aynan bugun yoki kecha emas, balki oylar va yillar davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan kuzatuvga olinib, tezkor ishlov jarayonining natijasida qo‘lga olingan”, – deya ta’kidladi poytaxt IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.