Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan butun mamlakat bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tizimni barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda va yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishmoqda.
Hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste’molchilariga “zangori yoqilg‘i” to‘liq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchilik kuzatilmayapti. Biroq ayrim joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda. Olis hududlarga suyultirilgan gaz to‘liq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida yetkazilyapti. Hududlarda avariya holatlari ro‘y berganda, mutaxassislar joyiga chiqib ularni bartaraf etishmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, havo haroratining pasayishi bilan aholi va ijtimoiy soha obyektlari tomonidan tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj ham oshmoqda. Xususan, 1 dekabr kuni havo harorati o‘rtacha 10–15 daraja issiqni tashkil qilgan bo‘lsa, iste’molchilarga jami 85,7 mln. kub metr, shu jumladan, aholiga 49,1 mln, issiqlik manbai korxonalariga 5 mln, AGTKSHlarga 12,8 mln va ulgurjiga 18,5 mln. kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan.
12 dekabr kuni havo harorati o‘rtacha 10–22 daraja sovuqni tashkil etdi, iste’molchilarga jami yetkazib berilgan gaz hajmi 110,3 mln. kub metrni tashkil qildi yoki 29 foizga oshgan, shu jumladan aholiga 78,5 mln yoki qo‘shimcha 29,4 mln – 60 foizga ko‘p, issiqlik manbaiga 6,4 mln yoki 1,4 mln – 28 foiz ko‘p, AGTKSHlarga 6,1 mln yoki 6,7 mln kam va ulgurjiga 18,4 mln. kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring