19:37 / 15.12.2023
218

Bog‘cha va maktablarda yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar e’lon qilindi

Bog‘cha va maktablarda yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar e’lon qilindi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bog‘cha va maktablarda yangi yil bayrami tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalarini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bayram munosabati bilan ta’lim tashkilotlarida quyidagilar tavsiya etiladi:

– ta’lim tashkilotlari hududi, binosi hamda sinf xonalarini tartibga keltirish, ta’lim tashkilotlari hovlisidagi tabiiy archani (agar bo‘lsa) o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar tomonidan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish. Bunda bayram bahonasida tabiiy archa daraxtlarining shoxlarini sindirish yoki ularni boshqa joyga ko‘chirish mumkin emas;

– ta’lim tashkilotlari foyesi, faollar yoki sport zallarini o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar tomonidan yasalgan turli bezaklar bilan bezatish, bunda, turli xil elektr yoritgichlar bilan yasatilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;

– bayram tadbirlarini ta’lim tashkilotlari hududida, qiziqarli holda tashkil etish va muassasa hududini bayramona bezatish, ayrim tadbirlarni ta’lim tashkilotlarining guruhlarida va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun sinf xonalarida, dars mashg‘ulotlariga xalal bermagan holda o‘tkazish;

– ta’lim tashkilotlarining yuqori sinflari o‘rtasida o‘quvchilar tomonidan tayyorlanadigan bezaklar (qog‘ozdan yasalgan qor parchalari va boshqa yangi yil bayramiga xos bo‘lgan bezaklar) tanlovi, «Eng chiroyli bezatilgan sinf» va «Eng yaxshi yangi yil tabriknomasi» (sinf nomidan maktabga, o‘qituvchilarga, ota-onalarga) kabi ko‘rik-tanlovlar tashkil etish;

– o‘quvchilar tomonidan yangi yil bayrami bilan bog‘liq turli xil ertaklar va sahna ko‘rinishlarini namoyish qilish tavsiya etiladi.

Vazirlikka ko‘ra, bayram kunlari davomida quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi, ularning oldini olish uchun berilgan ko‘rsatmalarga rioya qilish talab etiladi. Ya’ni:

– o‘quvchilar tomonidan turli xil pirotexnik vositalarni olib kelish hamda ulardan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, bundan tashqari, ta’lim tashkiloti rahbariyati tomonidan Ertalabki saflanishlar davomida, sinf rahbarlari tomonidan esa sinf soatlari va ota-onalar majlisida turli xil pirotexnika vositalaridan foydalanishning og‘ir oqibatlari haqida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borish lozim.

– bayramni nishonlash bahonasida o‘quvchilar va pedagog xodimlar tomonidan noqonuniy pul yig‘imlarini tashkil etish, bayramni restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida o‘tkazish, shuningdek, o‘quvchilar, ularning ota-onalari tomonidan bayram munosabati bilan ta’lim tashkiloti rahbariyati va pedagog xodimlarga turli xil sovg‘alar taqdim etish qat’iyan taqiqlanadi.

Shu bilan birga, o‘quvchilar hamda ota-onalar o‘rtasida yangi yil bayramini oila davrasida o‘tkazish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil qilish talab etilishi ta’kidlangan.

Vazirlik 2 kun muddatida yuqoridagi tavsiya va ko‘rsatmalar ta’lim tashkilotlariga yetkazilishi hamda ularga to‘liq rioya qilinishini so‘ragan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat