09:17 / 18.12.2023
140

Buxoroda o‘zganing behayo suratlarini internetda tarqatmaslik evaziga 3 mln so‘m talab qilgan yigit ushlandi

Buxoroda o‘zganing behayo suratlarini internetda tarqatmaslik evaziga 3 mln so‘m talab qilgan yigit ushlandi

Buxoroda surxondaryolik ayolning behayo rasmlarini Telegram kanallarda tarqatish bilan qo‘rqitgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Angor tumanida yashovchi 26 yoshli (ayol) F.N. ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida “Ravshan” nomli profil egasi, F.N.ning turli foto-suratlari va behayo tasvirlarini internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganini maʼlum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashovchi 22 yoshli V.Y. sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan V.Y. jabrlanuvchi F.N. bilan Telegram messenjeri orqali o‘zini “Ravshan” deb tanishtirib, uni yaxshi ko‘rib qolganini, kelgusida unga uylanish maqsadi borligini aytib, uning ishonchiga kirgan. Yigit ayolning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qo‘lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo‘rqitgan va tarqatmaslik evaziga 3 million so‘m pul talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, V.Y.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat