Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolardan biri qo‘lidagi temir bo‘lagi bilan boshqa bir odamga hujum qilgani va so‘ng temir bilan yo‘lning o‘rtasida to‘xtab turgan mashinaning oynalarini sindirgani va o‘zini pachaqlagani tasvirlangan video tarqaldi.
Videoda to‘xtab turgan mashinaga Qashqadaryo viloyatiga tegishli davlat raqami taqilganini, zo‘ravonni YPX xodimi ham to‘xtatishga uringanini, biroq u bo‘ysunmaganini ko‘rish mumkin.
Hodisa yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati ma’lumot berdi. Unda yozilishicha, hodisa 2023 yil 15 dekabr kuni Qarshi shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Svetoforning qizil chirog‘ida o‘z yo‘lida to‘xtab turgan “Lada-Largus” mashinasi haydovchisini qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelgan “Kobalt” yo‘lovchisi hujum qilib, urmoqchi bo‘lgan.
So‘ng qo‘lidagi temir buyum bilan “Lada-largus” mashinasining oynalarini urib sindirgan. Holatga guvoh bo‘lgan Qashqadaryo viloyati IIB xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan.
Qayd etilishicha, hozirgi paytda fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilib, Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, zarar miqdorini aniqlash uchun ekspertiza tayinlangan.
“Voqea joyida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimining xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi munosabatda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring