Bosh prokuratura: Hafta kunlarini juft va toq raqamli avtomobillarga bo‘lish masalasi ko‘rib chiqiladi
Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligi mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahridagi havo ifloslanishi masalasini ko‘rib chiqdi.
Mahkama matbuot xizmatining xabar berishicha, yig‘ilish yakuni bo‘yicha “Avtomobilsiz kun”, hafta kunlarini juft va toq raqamli avtomobillarga bo‘lish, jamoat transportidan foydalanishni kengaytirish, yoqilg‘i standarti minimumini “Yevro-4”ga ko‘tarish, sanoatda ko‘mir yoqilg‘isidan voz kechish va shu kabi ko‘plab takliflarni ishlab chiqish va realizatsiya qilishga kelishilgan.
Bosh prokuratura aholini havo ifloslanishi masalasida “norasmiy manbalar”ga tayanmaslikka chaqirgan.
“O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi havo ifloslanishini avtomatik usulda monitoring qilishga mo‘ljallangan zamonaviy HORIBA stansiyalari bilan ta’minlangan bo‘lib, havo ifloslanishi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni e’lon qilib boradi. Havo ifloslanishi bo‘yicha ma’lumotlar bilan ishlashda rasmiy manbaalardan foydalangan holda norasmiy manbaalarga tayanmaslik tavsiya etiladi”, – deyiladi bayonotda.
Yig‘ilishda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida mamlakatda 85 mln tupdan ortiq daraxt ekilgan, Orol dengizining qurigan tubida 1,8 mln gektar maydonda yoki Surxondaryoda qurg‘oqchilikka chidamli 3 mln tup o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etilgan.
O‘tayev o‘z so‘zida Toshkentda sun’iy ko‘llar, suv havzalari, yashil qoplamalarning kamayib ketgani, mintaqada suv tanqisligi sabab cho‘llashishning kengayib borayotgani, avtotransport vositalari, yoqilg‘i energetikasi va suvdan tejamkorlik bilan foydalanishda muayyan qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yilmayotgani, atmosferaga me’yoridan ortiq tashlamalar tashlanayotganiga urg‘u bergan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring