15:18 / 12.02.2024
138

O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi
Hukumat qarori bilan O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, O‘zbekistonning tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turida hamda sanoat usulida baliq ovlash tartibi belgilandi. Qoidalar O‘zbekiston hududidagi barcha tabiiy suv havzalarida faoliyat olib boruvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.

Qoidalar sun’iy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigatsiya tarmoqlaridagi qafas (sadok) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabiiy suv havzalarida quyidagi baliq ovlash qurollari va vositalaridan foydalanish taqiqlanadi:
- yoyma to‘rlar (nakidka);
- ikki tomonlama mahkamlanadigan 10 tadan ortiq ilgakli vositalar (peremet);
- maxsus tamg‘alanmagan va hisobga olinmagan har qanday to‘rlar;
- changakli ovlash vositalari (astraga);
- elektr qarmoq;
- mahkamlanadigan tuzoqsimon to‘rlar (venter, mordushka) va boshqa baliq ovlashning brakonerlik qurollari.

Baliqlarning urchish davrida, ya’ni Amudaryo va Sirdaryoda 11 martdan 31 maygacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida 26 apreldan 10 iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16 apreldan 31 maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.

2022 yil yanvarda “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, 2022 yil 15 yanvardan “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida xonadonlarda baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kredit BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha oshirilishi belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 17 aprel kuni oziq-ovqat tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishganida baliqchilik uchun ham bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar belgilanayotgani ma’lum qilingandi. Xususan, bundan buyon tabiiy suv havzalarini ijaraga berish onlayn auksion orqali bo‘lishi, baliqchilik loyihalari uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratilishi aytilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat