1924 yilda Sovet Ittifoqi tarkibiga majburlash orqali qo‘shib olingan O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari deyarli bir vaqtda mustaqillik e’lon qildi. Hurriyatning dastlabki yillari ikki qardosh mamlakat o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi.
90-yillar oxiri 2000 yillar boshiga kelganda mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarga sovuqchilik tushdi. O‘zbekiston rahbari Islom Karimov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bir-biriga qarata keskin gaplar aytishni boshladi. Bu esa mintaqani o‘z geosiyosiy ta’sir doirasiga kiritishga intilayotgan ayrim kuch markazlari uchun ayni muddao bo‘lib xizmat qildi.
90-yillardagi munosabatlar va Tojikistondagi fuqarolik urushi
Mustaqillikning dastlabki yillari O‘zbekiston ham, Tojikiston ham xavfsizlik va mamlakat ichida barqarorlikni ta’minlashga harakat qildi. 1992 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi. 1993 yil 4 yanvar kuni esa ikki davlat o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
1992 yilda Tojikistonda 5 yildan ko‘proq davom etgan, 50 ming inson (ba’zi manbalarda 80 ming)ning hayotiga zomin bo‘lgan fuqarolik urushi boshlanib ketdi. O‘zbekiston qo‘shni davlatlarda ro‘y berayotgan voqealarga befarq bo‘la olmas edi. Sababi Tojikistonda fuqarolar urushining boshlanib ketishi O‘zbekistonda ham radikallashgan islomiy guruhlarning faollashishiga olib kelishi mumkin edi. Boz ustiga Afg‘onistonda ham hokimiyat uchun kurash avj olgandi. Ya’ni fuqarolar urushining O‘zbekistonga ham yoyilishi borasida O‘zbekiston rahbariyatida xavotirlar bor edi.
1992 yil Tojikistonda boshlangan fuqarolar urushi
Foto: Asia-Plus
O‘zbekiston hukumati Tojikistondagi fuqarolar urushida Emomali Rahmon boshchiligidagi xalq frontini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, O‘zbekiston qo‘shni respublikaga ham harbiy, ham moddiy tomondan yordam ajratdi. Islom Karimov boshqaruvidagi O‘zbekiston Tojikistondagi fuqarolar urushining tinchlik kelishuvi bilan yakunlanishiga salmoqli hissa qo‘shdi.
1998 yilda Tojikiston prezidenti o‘z chiqishlarining birida 90 yillarda mamlakat ichida dahshatli ocharchilik yuzaga kelganini, odamlar nonga navbat poylab vafot etganini, shunday bir sharoitda Islom Karimov va o‘zbek xalqi tojikistonliklar uchun Termiz shahridan 17 ta vertolyotda un jo‘natganini ta’kidlagan.
“Agar Boris Yelsin hamda Rossiya bo‘lmaganida, agar Islom Karimov va o‘zbek xalqi bo‘lmaganida, bugun tojik millati va davlati mavjud bo‘lmas edi”, — degan Emomali Rahmon.
Siyosiy tahlilchi va jurnalist Arkadiy Dubnov Tojikistondagi fuqarolar urushida O‘zbekistonning pozitsiyasi haqida shunday degan edi:
“Agarda Karimov Tojikiston xalq fronti harakatini qo‘llab-quvvatlamaganida, hozirgi paytdagi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning hokimiyat tepasiga kelishini tasavvur qilib bo‘lmasdi”.
Karimov Emomali Rahmonni hokimiyatdan olishga uringanmi?
Ba’zi manbalarda Islom Karimov vaqt o‘tishi bilan Tojikistondagi hokimiyatni o‘zgartirishga uringani haqida ma’lumotlar uchraydi. Xususan, tojik rasmiylari 1998 yilda Tojikistonning Leninobod viloyatida polkovnik Mahmud Xudoybergenov boshchiligidagi qurolli isyon Toshkentdan dastaklanganini iddao qiladi. Lekin 2000 yilda O‘zbekiston prezidentining Dushanbega rasmiy tashrifi chog‘ida, jurnalistlarning bu boradagi savoliga Islom Karimov javob berar ekan, buni qat’iyan rad etadi.
“Tomirimda o‘zbek qoni bilan bir qatorda tojik qoni ham oqayotgan bo‘lsa, Tojikistonda to‘qnashuvga qanday yo‘l qo‘yaman?” — degan Karimov.
Jurnalistlar bilan uchrashuvda Karimov o‘zbeklar va tojiklarni ikki tilda gaplashadigan bir xalq deb atagan. Shu bilan birga, tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida “abadiy do‘stlik to‘g‘risida shartnoma” imzolangan. Ammo bu kelishuv O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarga aks ta’sir ko‘rsatdi.
Islom Karimov va Emomali Rahmon
Foto: “Novosti”
Sovuqchilikning sabab va oqibatlari
Markaziy Osiyoda suv taqsimoti tarixan murakkab masala bo‘lgan. Karimov va Rahmon o‘rtasidagi ziddiyat bu murakkablikni yaqqol ko‘rsatib, nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqaning kelajagi uchun muhim savollarni o‘rtaga tashladi.
1998 yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan alohida kelishuvga erishilgan bo‘lib, unda Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimidagi davlatlar — O‘zbekiston va Qozog‘iston sug‘orish va elektr energiyasi uchun to‘lovni amalga oshirgan, Tojikiston va Qirg‘iziston esa bu daromaddan ehtiyoj eng yuqori bo‘lgan qish mavsumida energiya uchun to‘lovlarni amalga oshirish uchun foydalangan. Biroq ushbu kelishuv 2002 yilda Qirg‘izistonning elektr energiya narxining oshirishi natijasida buzildi.
Shundan so‘ng Tojikiston o‘zining elektr generatsiya salohiyatini oshirish maqsadida bir qancha gidroelektr stansiya (GES)lar barpo etishni boshladi. Xususan, 2004 yilda rasmiy Dushanbe iqtisodiy holati murakkab ekanligiga qaramay, Vaxsh daryosi bo‘yida Rog‘un GES qurilishi ishlarini qayta ishga tushirish niyatida ekanligini bildirdi. Aslida Moskva loyiha uchun mablag‘ ajratishni o‘z zimmasiga olgan edi.
Rog‘un GESning qurilishi
Foto: lifenewsuz.com
Ushbu qaror O‘zbekiston hukumatida bir qancha xavotirlarni keltirib chiqardi. Karimov ma’muriyati seysmikligi yuqori bo‘lgan tog‘li hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan va hukumatni loyihani qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, Tojikiston uchun kichik va o‘rta GESlar qurish afzal ekanligini bildirgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan davlat bo‘lib, daryolarda suv sathining kamayishi qishloq xo‘jaligida muammolarni yuzaga keltirishi mumkin edi.
O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari sovuqlashishining yana bir omili ikki davlatning hududiy da’volari bo‘ldi. Tojikiston hududida bir nechta o‘zbek anklavlari, O‘zbekiston hududida esa bitta tojik anklavi mavjud edi. 2000 yilda O‘zbekiston Tojikiston bilan chegaraning tog‘li qismlarini, go‘yoki jangarilarning o‘z hududiga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun minalashtirdi.
2009 yil oxiridan boshlab O‘zbekiston Tojikistonga yuklarni, jumladan, Rog‘un GES qurilishi uchun mo‘ljallangan qurilish materiallari yuklangan poyezdlarni o‘tkazishni kechiktira boshladi.
2012 yilda Islom Karimov mintaqada sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan “suv” urushi haqida gapirib, shunday degan edi:
“Hamma narsa shu darajada yomonlashishi mumkinki, bu hatto urushlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun transchegaraviy daryolar haqida gapirganda, biz jahon hamjamiyati qabul qilgan qarorlarga asoslanishimiz kerak. Ya’ni majburiy shartlarda barcha davlatlarning roziligi bo‘lishi kerak. Amudaryo va Sirdaryoning quyi oqimida qozoqlar va o‘zbeklar ko‘p asrlar davomida yashab keladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, biz ertaga qanday mavqega ega bo‘lishimizdan manfaatdor bo‘lmasdan hal qilinadigan ba’zi rejalar yuzaga kelganda, bugun jim turolmaymiz!”
Shuningdek, ikki davlat aloqalarining keskinlashuviga O‘zbekiston chegarasiga yaqin yerda joylashgan Tojikiston alyuminiy zavodi ham sabab bo‘ldi. 2013 yilning yanvar oyida O‘zbekiston Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.
Emomali Rahmon, Vladimir Putin va Islom Karimov
Foto: Rengum
Munosabatlarning iliqlashuvi
Ayrim siyosatshunoslar 2014 yilning sentyabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Islom Karimov va Emomali Rahmon o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuvdan keyin munosabatlar bir oz iliqlashganini ta’kidlaydi.
Islom Karimov va Emomali Rahmon Toshkentda
Foto: “Novosti Tajikistana”
2016 yil iyul oyida Islom Karimov va Emomali Rahmon yana, bu gal Toshkentda SHHT sammiti doirasida ko‘rishdi. Ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng, Tojikiston rahbari o‘z hamkasbini qulay vaqt bo‘lganda Dushanbega tashrif buyurishga taklif qiladi. Biroq 2016 yilning sentyabr oyida Islom Karimov kutilmaganda vafot etadi. Tojikiston rahbari o‘sha yili ikkinchi bor O‘zbekistonga tashrif buyurib, Karimovning dafn marosimida qatnashadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov ham, Tojikiston rahbari ham o‘z mamlakatlarining milliy manfaati nuqtayi nazardan siyosat yuritdi. Biroq Markaziy Osiyo ustida o‘z hukmronligini o‘rnatish harakatida yurgan tashqi aktorlar uchun ushbu ziddiyat o‘ziga xos sharoit hozirladi. Natijada esa mintaqadagi integratsion jarayon falaj holatga kelib qoldi.
Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov dafn marosimida
Foto: rus.azattyk.org
O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosati natijasida ikki mamlakat o‘rtasida yaqinlashuv paydo bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor berdi va bu Tojikiston bilan aloqalarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, chegara nazorati yumshatildi, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi bir necha nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ochildi, chegaralar minalardan tozalandi, suv masalasida konstruktiv muzokaralar boshlandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaytirildi. Bu o‘zgarishlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi va mintaqaviy xavfsizlik hamda hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynadi.
Sardor Ali
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Oltin kovlashga chiqqan samarqandlik ikki fuqaro vafot etdi
Savollarni koʻpaytirgan sud: “Doʻstov ishi”da huquqiy baho berilmagan holatlar...
Fargʻonalik 2 yoshli qizaloqning qornidan 135 ta magnit sharcha chiqarib olindi
Chust tumanidagi korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Oʻzingizga tegishli boʻlmagan er uchastkalarini egallab olmang...
Viloyatlararo 10 ta yangi yoʻnalishda avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi
Toshkentda prokuratura tergovchisi pora bilan ushlandi (video)
Boʻstonliqda qoʻngʻir ayiq oʻldirib ketildi