06:00 / 23.02.2024
108

Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlari xususiy boshqaruvga beriladi

Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlari xususiy boshqaruvga beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 fevral kuni aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, 2023 yilda aviatsiya xizmatlari hajmi bor-yo‘g‘i 11,6 foiz o‘sgan. Mamlakat strategiyasida 2030 yilga qadar aviaqatnovlar sonini 4 karra oshirish rejalashtirilgan. Unga erishish uchun sohada yillik o‘sish sur’atlari 20 foizdan kam bo‘lmasligi kerak.

Bu infratuzilma, boshqaruv, narx va sifat borasida tizimli ishlarni talab etadi. O‘zbekistonda aviachiptalar narxi nisbatan qimmat. Ham hududiy, ham xorijiy reyslar soni talabga qaraganda kam. Parvozlarning asosiy qismi haligacha Toshkent va Samarqand aeroportlariga to‘g‘ri keladi. Aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari cheklangan, qo‘shimcha xizmatlardan daromad jami tushumning bor-yo‘g‘i 7 foizini tashkil qiladi. Toshkent, Navoiy, Namangan aeroportlari tranzit salohiyati to‘liq ishga solinmayapti.

Taqdimotda Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airrorts aksiyadorlik jamiyatlarida transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, xizmat turlari va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha joriy yilgi rejalar bayon qilindi.

Xususan, milliy aviakompaniyaga xalqaro kredit reytingini olib, uni «IPO»ga chiqarish jarayoni boshlanadi. Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlari xususiy boshqaruvga berilib, modernizatsiya qilinadi. Joriy yilda reyslar soni 20 foizga oshiriladi.

Sohada xarajatlarni 20 foizga qisqartirish choralari ko‘riladi. Yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski samolyotlar sotilib, zamonaviy va tejamkor havo kemalari olinadi. 72 ta yo‘nalish bo‘yicha optimal parvozlar marshrutini tanlash orqali yoqilg‘i sarfi sezilarli kamaytiriladi. Foydalanilmayotgan va daromad keltirmayotgan aktivlar sotuvga chiqariladi.

Mutasaddilarga xarajatlarni qisqartirish dasturini tasdiqlab, xizmatlar raqobatdoshligini oshirish, xususiy sheriklik loyihalarini tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘paytirish, Navoiy aeroportida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirib, uning salohiyatini to‘liq ishga solish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat aviakompaniyalariga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni yaxshilash masalalari ham aytib o‘tildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat