date

Giyohvand moddalar savdosi shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Giyohvand moddalar savdosi shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi

Bugun giyohvandlik qanchalar mudhish illat ekanini tushuntirib o‘tishga aslo hojat yo‘q. Har birimiz uning halokatlariyu, oqibatlarini yaxshi bilamiz. Giyohvand moddalarni etishtirish, sotish, etkazib berish, saqlash, vositachilik qilish singari har qanday qilmish jinoyat ekani, bunday ishga qo‘lga urganlar qonun oldida javob berishi ham hech kimga sir emas.

Ammo, negadir bu illat ham, u bilan bog‘liq jinoyatlar ham tag-tugi bilan yo‘qolib ketmayotgani achinarlidir. Har yili giyohvand moddalar bilan bog‘liq minglab jinoyatlar fosh etiladi, qanchadan-qancha jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi, tonnalab narkotik moddalar yo‘q qilinadi. Shu bilan birga bu ofat har yili qanchadan insonlarning umriga zomin bo‘ladi, ne-ne oilalarni parokanda qiladi...

Bu galgi qahramonlarimiz ham bu haqiqatni bilmagan bo‘lishi mumkin emas. Ammo, ular baribir nafs yo‘rig‘iga yurib, noqonuniy hatti-harakat sodir etganliklari sabablari yuzlari shuvut bo‘lib qoldi.

Ularning eng kichiga allaqachon qirq yoshdan, kattasi esa ellikdan oshib qolgan bo‘lsa-da, hamon oq-qorani ajrata olishmaganga o‘xshaydi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Valeriy Lozovskiy, Georgiya Sarkisyans, Vladislav Aganov hamda Pavel Yurchenkodan iborat bo‘lgan bu jinoiy guruh anchadan beri narkotik moddalar oldi-berdisi bilan shug‘ullanib kelishgan.

Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deb bejiz aytishmagan. Jinoiy guruhning xatti-harakatlari anchadan beri huquq-tartibot idoralari e’tiborini tortib kelardi.

2015 yilnimng 4 mart kuni “A” ismli fuqaro milliy xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmalaridan biriga ariza bilan murojaat qilib, Valeriya Lozovskayadan uch o‘ram giyohvand modda sotib olganini ma’lum qildi. Kimyoviy ekspertiza taqdim etilgan ashyoviy dalilning 0,45 gramm miqdoridagi “gashish” moddasi ekanini aniqladi.

Surishtiruvlar natijasida, mazkur jinoyat zanjirining ilk xalqasi Pavel Yurchenkoga borib taqalishi ma’lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, 2015 yilning 3 mart kuni Vladislav Aganov bilan poytaxdagi “Shosh” restorani oldida uchrashgan unga sotish uchun to‘rt o‘ramdagi “gashish”ni tutqazgan. Vladislan “og‘u”ni shu kunning o‘zida 200 ming so‘m evaziga navbatdagi “xalqa” – Georgiy Sarkisyansga, u esa, Valeriy Lozovskiyga etkazib bergan. Valeriy o‘ramlardan birini o‘zida olib qolgan va qolganlarini fuqaro “A”ga pulllagan.

Bu holat ertasi kuni ham davom etdi. V.Aganov P.Yurchenkodan olgan 2 o‘ram “zahri qotil”ni G.Sarkisyansga 100 ming so‘mga pullaydi. Shu tariqa “mahsulot” eski yo‘nalish orqali, dastlab V.Lozovskiyga, keyin fuqaro “A”ga etkaziladi. Fuqaro “A” esa bu gal ham o‘z burchiga sodiq holda, ikki o‘ramdagi 0,3 gram “gashish”ni Milliy xavfsizlik xizmati xodimlariga topshiradi.

Voqealar xuddi shu ko‘rinishda yana uch marotaba – 10, 12 va 17 mart kunlari takrorlanadi. Fuqaro “A” esa, har gal olgan giyohvand moddalarni huquq-tartibot xodimlariga keltirib topshirar, organ xodimlari ularni ekspertizadan o‘tkazib, “ashyoviy dalil” sifatida to‘pldamoqda edilar.

17 mart kuni, ya’ni beshinichi “uchrashuv”da Valeriyning “muhim ishlari” chiqib qoldimi, fuqaro “A” “mahsulot”ni G.Sarkisyansning qo‘lidan olishiga to‘g‘ri kelgandi. Ammo, o‘sha kunning o‘zida G.Sarkisyansni Toshkent shahar IIBB xodimlari qo‘lga olishdi. Uning yonidan uch o‘ramdagi jami 0,53 gramm gashish giyohvandlik moddasi topildi.

Ertasi kuni tartib posbonlari “Shosh”restorani oldida Pavel Yurchenko boshqaruvidagi 01 F 717 AA raqamli “Lasetti”ni to‘xtatishdi va uni tekshirib ko‘rishdi. Natijada mashinaning chap tomondagi old eshigidan erkaklar dastro‘moliga o‘ralgan olti o‘ram giyohvand moddaga duch kelishdi.

Surishtiruvlarda P.Yurchenko ushbu giyohvand moddalarni tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan noma’lum shaxsdan sotib olganini bildirdi.

Shu tariqa, jinoiy guruhning boshqa a’zolari ham birma-bir qo‘lga olindi. Tergov va surishtiruv paytida ular bir-birini tanimasligi, til biriktirishmaganini aytib, o‘zlarini oppoq ko‘rsatishga urinishsa-da, ashyoviy dalillar, guvohlarning ko‘rsatmalari natijasida haqiqat qaror topdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi jinoyatning barcha ishtirokchilarining qilmishlarini huquqiy jihatdan baholab, har birini qilmishiga yarasha tegishli jazolarga mahkum etdi.

Ha, har bir jinoyat o‘z bahosini, jinoyatchi esa, tegishli jazosini olishi shart. Shunda, hayotimiz yanada farovon, oilalarimiz mustahkam, qalblarimiz xotirjam bo‘ladi.

Manba: Darakchi.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Giyohvand moddalar savdosi shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi