18:50 / 24.04.2024
3 398

Zohirshoh Jo‘rayev Botir Qodirov bilan o‘tayotgan sud yuzasidan izoh berdi

Zohirshoh Jo‘rayev Botir Qodirov bilan o‘tayotgan sud yuzasidan izoh berdi
Foto: “Daryo”
Xonanda Qodirov Botir Sheraliyevich javobgarlar — Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlardan otalikni belgilashni talab qilib sudga ariza bergani xabar qilingan edi. Holat yuzasidan Zohirshoh Jo‘rayev izoh berdi.

U jamoatchilikdan bunday piar va hayplarga oilasini aralashtirmaslikni iltimos qilib so‘radi.

"Birinchidan, men uchun g‘alati va kulgili holat. Chunki mening unaqa o‘g‘lim yo‘q va bu sudda tasdiqlandi.

Men bir inson sifatida jurnalist va matbuot ahlidan iltimos qilmoqchiman, piar va har xil hayplarni bizning oilamizga aralashtirmasanglar, bizga bunday ish kerak emas. Bizga azaldan bunday piar kerak bo‘lmagan. Menga ham, akamga ham, onamga ham bunday narsalar yoqmaydi. Bunday holatlar otam olamdan o‘tganidan keyin xunuk holat.

Biz hozir konsert qo‘yayotganimiz yo‘q, chiptalarimiz o‘tmay qolayotgan joyi yo‘q. Bunday narsalar kerak bo‘lsaki, biz bundan foydalansak, piar qilsak.

Birovning oilasiga, birovning shaxsiy ishiga aralashmayapmiz. O‘z oilamizni qanday muqaddas deb hisoblasak, xuddi shunday, boshqalarning ham oilasini hurmat qilamiz, muqaddas deb hisoblaymiz. Shu paytgacha aralashmaganmiz, boshqalarning ota-onasini, sha’nini hech qachon bulg‘amaganmiz. Shuning uchun san’atkor, qo‘shiqchi sifatida emas, inson sifatida iltimos qilmoqchiman, bizni bunday narsalarga aralashtirmanglar.

Kim sudga beradi, Alloh bor, o‘zi kifoya qilsin. Bunga izoh berishni xohlamayman
", — degan Zohirshoh Jo‘rayev.

Holat yuzasidan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov izoh berar ekan, “uchta tirrancha buyuk san’atkorni loyga bulg‘ayotganini aytib o‘tgan.

"Nima bo‘lganda ham, uchta tirrancha bir buyuk ijodkorni muhokamaga qo‘yib, tirigida ham, o‘limidan keyin ham bunday qilishga haqqi yo‘q edi. Uchta tirrancha o‘z nafsi, maqsadi yo‘lida buyuk xilqatga nisbatan bunday qilishlari noto‘g‘ri. Bu masalada mening uchalasiga nisbatan e’tirozim bor. Sherali Jo‘rayev ustoz san’atkor sifatida bunday muhokamalarga loyiq emasdi", — degan madaniyat vaziri.

Sud ishi

San’atkorlar o‘rtasidagi mojaro Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida, sudya Lola O‘tanboyeva raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Da’vogar Qodirov Botir Sheraliyevich javobgarlar — Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlardan otalikni belgilashni talab qilgan.

Aniqlashtirilishicha, Botir Qodirov 2024 yilning 19 mart kuni sudga ariza kiritgan. Ishni ko‘rish 15 aprel kuni boshlangan. Biroq javobgar vakili ish bilan tanishish uchun ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni so‘ragani sababli sud majlisi bugun, 23 aprel soat 14:30 ga qoldirilgan.

Bildirilishicha, sudda da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilgan. Guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillar — fotosuratlar, dalolatnoma yozuvi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning asl nusxasini talab qilib olish uchun ish yana qoldirilgan.

Botir Qodirovning da’vo arizasiga Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi xulosasi va undagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Halimjon Nurmatov va Qodirov Botir Sheraliyevichning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.

Botir Qodirov 2008 yil Yangiyo‘l tuman FHDYO bo‘limiga murojaat qilib, 26 fevral kuni familiyasini Jo‘rayevdan Qodirovga, otasining ismini Sherali o‘g‘lidan Sheraliyevichga o‘zgartirgan. Bu haqda ham sudga hujjatlar taqdim etilgan.

Sudning navbatdagi majlisi 2024 yilning 2 may kuni soat 15:00 ga qoldirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zohirshoh Jo‘rayev Botir Qodirov bilan o‘tayotgan sud yuzasidan izoh berdi