16:48 / 01.05.2024
107

Buxoroda yodgorliklarni ta’mirlashga ajratilgan 3,3 mlrd so‘m talon-toroj qilindi

Buxoroda yodgorliklarni ta’mirlashga ajratilgan 3,3 mlrd so‘m talon-toroj qilindi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatida joylashgan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish borasidagi ishlar o‘rganilgan. Jumladan, ishchi guruh mutaxassislar ishtirokida Buxoro shahridagi bir qator tarixiy yodgorliklar – “Xo‘ja Kalon” masjidi, “Xusayni” va “Nodir Devonbegi” madrasalari hamda “Ark” majmuasi devorlarini restavratsiya va ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishgan.

O‘rganishda bajarilgan ish hujjatlariga soxta yozuvlar kiritish yo‘li bilan “Xo‘ja Kalon” masjidida 731 mln so‘m, “Xusayni” madrasasida 216 mln so‘m hamda “Nodir Devonbegi” madrasasida 90 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingani aniqlangan. Shuningdek, Buxoro shahri tarixiy markazi hududida joylashgan 74 ta obyektga manzil ko‘rsatkich belgilari o‘rnatish uchun ajratilgan 50 mln so‘m budjet mablag‘i ham talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari tomonidan 2,3 mlrd so‘m budjet mablag‘i tovar-moddiy boyliklar sotib olish uchun sarflangani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, amalda mablag‘lar talon-toroj qilingan. Markazda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari ham buzilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish uchun asos bo‘lmasa-da, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda 32 ta holatda 26 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda o‘rganishlar davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda yodgorliklarni ta’mirlashga ajratilgan 3,3 mlrd so‘m talon-toroj qilindi