17:56 / 18.05.2024
78

Mahkumlar huquqlarini ta’minlash yanada mustahkamlanadi

Mahkumlar huquqlarini ta’minlash yanada mustahkamlanadi
© Unsplash / Matthew Ansley
Bugun, 18 may kuni Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, konstitutsiyaviy islohotlar natijasida mahkumlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlash borasida choralar ko‘rilmoqda.

Jumladan, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanmoqda.

Qolaversa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlarda hamda referendumda ishtirok etishga bo‘lgan huquqi kafolatlanmoqda.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, bunday mahkumlarning insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat etish huquqi qayd etilmoqda.

Shuningdek, agar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar tegishli saylovlarda hamda referendumda ishtirok etish huquqidan qonunga muvofiq va sudning hukmi asosida mahrum etilgan bo‘lmasa, ular ushbu saylovlarda va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

Mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi huquqi mustahkamlanmoqda. Xususan, kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, mahkumlar o‘ziga nisbatan inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egadir.

Jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart, mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralari va boshqa majburlov choralarini qo‘llashda Kodeksda belgilangan asoslardan hamda tartibdan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi qat’iy belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahkumlarning Ombudsmanga hamda Bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi, murojaat qilish qutilarining o‘rnatilishi, ochilishi, foydalanishi, shuningdek, murojaatlarni yuborish tartibi yangi normada o‘z ifodasini topmoqda.

Muhokama davomida senatorlar Qonun qabul qilinishi natijasida mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mahkumlar huquqlarini ta’minlash yanada mustahkamlanadi