22:54 / 11.07.2024
667

Yashnoboddagi mudhish qotillik haqida nimalar ma’lum?

Yashnoboddagi mudhish qotillik haqida nimalar ma’lum?
9 iyul kuni Yashnobod tumani Yakkatol ko‘chasida yashovchi 30 yoshli erkak o‘zi bilan yashab kelayotgan bir ayolning 3 yoshli farzandini pichoqlab o‘ldirgani xabar qilingandi. Holat yuzasidan Kun.uz joyiga borib, vaziyatni o‘rganishga urindi.

Ko‘p qavatli uyda yashovchilarning ma’lum qilishicha, voqea bir necha kun oldin kechasi soat 3 larda sodir bo‘lgan. Ayol va erkakning o‘zaro janjali ortidan, bola o‘ldirilgan.

Eshitishimcha, balkonda ayoli boshqa odam bilan telefonda gaplashayotgan bo‘lgan, erining rashki kelganmi, ayolning sochidan ushlab, tortib olib kirib ketgan. Keyin ichkarida janjal, kelishmovchilik bo‘lgan.

Yana bir yon “pod’ezd”da yashovchi qo‘shnimizning aytishicha, ichkarida bola talashilgan. O‘rtada 10-15 daqiqa atrofida jim bo‘lib qolishgan, keyin bittada “bolam o‘lib qoldi” deb baqir-chaqir boshlanib ketgan. Keyin ayol pastga usti-boshi qon ahvolda, oyoq-kiyimsiz yugurib chiqqan, mahalladan chiqishda chapga qarab ketgan.

Eri orqasidan yugurib tushganda, qo‘shnilarimiz to‘xtatgan. Nima bo‘layotganini so‘rashganda “men buni Alloh yo‘lida qildim”, degan, shu bilan shu holat bo‘lgan. So‘ng qo‘shnilarimiz “102”ga qo‘ng‘iroq qilishgan, buni bilgan erkak chiqindixonaga qarab ketgan. Ko‘p o‘tmay uni qaytarib olib kelishgan va hibsga olingan
”, – deydi shu yerda yashovchilardan biri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, guvohlar bolaga 12 marta pichoq sanchilganini aytishgan.

[Guvohlar] janjal bo‘lganidan keyin nima bo‘layotganini bilish, yordam berish maqsadida [xonadonga] kirib borishgan, pichoqbozlik bo‘lganini bilishmagan, o‘zaro oilaviy janjal deb o‘ylashgan. Keyin PPS xodimlari kelib, erkakni ushlagan, tez yordam bolani olib ketgan”, – deydi u.

Shu yerda yashovchilardan yana birining aytishicha, ayol va erkakning nikohdan o‘tgani bo‘yicha hujjati bo‘lmagan. Ular bu xonadonni ijaraga olib yashay boshlaganiga hali 1 hafta ham bo‘lmagan.

O‘zi bu yerga ko‘chishganiga hech qancha vaqt bo‘lmadi. Bundan oldin “A2 blok”da yashashardi. U yerda xonadon egasi bilan chiqisha olishmadimi, nimadir bo‘lib, chiqib ketishgandi. Bu yerga ko‘chishganiga 1 hafta ham bo‘lmagandi. Ko‘chib o‘tishganidan keyin er-xotin kelisha olmagan. Buning alamini boladan olishgan. Kamerani ko‘tarishsa, bolani urganidan keyin chiqib, balkonda o‘tirib, sigaret chekishgan, keyin xotinining sochidan yulib ichkariga olib kirib ketgan. Shu bilan janjallashishni davom ettirishgan.

Xotini tashqariga chiqib kelganida, ko‘chada yiqilib qolgan, hamma yeri qon bo‘lib ketgan. Ularning “ZAGS”i bo‘lganmidi desak, bo‘lmaganini aytishdi. Lekin narigi xonadonda yashagan vaqtda uy egasidan shuni so‘raganimizda, u 100 foiz “ZAGS”dan o‘tishganini, blogerlar ekanini, oyiga 500-700 dollar to‘lab turishini aytgandi, o‘sha uyda ham ancha janjallar bo‘lgandi
”, – deydi u.

Guvohlarga ko‘ra, 3 yoshli bolaning otasi boshqa bo‘lgan. Ayolning undan tashqari yana bir katta farzandi ham bo‘lgan, uni turmush o‘rtog‘i o‘z qaramog‘iga olgan.

Janjal bo‘lib, erkak bolani pichoqlagach, pastga yugurib chiqqan va uy yaqinida joylashgan do‘kon muzlatkichining zanjirlarini uzib, undan suv olgan. Do‘kon egasi holat aks etgan videoyozuvni Kun.uz muxbiriga ko‘rsatdi. Videoda, gumonlanuvchi ichki kiyimda, oyoq yalang, hamma yeri qonga belangan holda yugurib kelib, muzlatkichning zanjirini uzgani ko‘rinadi. Keyin esa voqea joyidan yashiringan.

Holat bo‘yicha Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Jarohatlangan ayolning qayerda ekani ma’lum emas. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yashnoboddagi mudhish qotillik haqida nimalar ma’lum?