13:00 / 19.08.2024
1 140

“Osiyo go‘zali” deb topilgan o‘zbekistonlik Shahrizoda Madaminova bilan suhbat

“Osiyo go‘zali” deb topilgan o‘zbekistonlik Shahrizoda Madaminova bilan suhbat
Aktrisa, model Shahrizoda Madaminova 2004 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. San’at maktabida tahsil olib, modellik faoliyatini 2020 yildan boshlagan. Shu kungacha Livan, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda o‘tkazilgan ko‘plab xalqaro go‘zallik tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. U Madam's modellik agentligining asoschisi va rahbari. "Daryo" nashri “Osiyo go‘zali” deb topilgan mazkur o‘zbekistonlik model bilan suhbat uyushtirdi.

— Modelsiz, lekin aktrisalik sohasida tahsil olishingizga sabab nima?
— Yoshligimdan aktrisa-model bo‘lishni orzu qilardim, lekin bu soha bizda unchalik rivojlanmagani sababli baribir orzumga yetisholmayman deb o‘ylardim. Shu sababli bor e’tiborimni aktrisalikka qaratib, musiqa maktabi, san’at kollejida o‘qidim, hozirda san’at sohasida universitetda tahsil olaman. Oliygohga kirganimdan so‘ng asta-sekin modellik sohasida o‘zimni sinab ko‘ra boshladim. Hozirda aktrisa sifatida klip va filmlarda kam ishtirok etyapman.

— Modellik sohasi O‘zbekistonda u qadar rivojlanmagan. Rosti, ko‘p modellarni oddiy xalq tanimaydi. Buning sababi nimada?
— Chunki ko‘p professional modellar ijtimoiy tarmoqlarda faol emas, menimcha, o‘zida xohish yo‘q deb o‘ylayman. O‘zbekistonda har tomonlama o‘z ishining ustasi bo‘lgan modellar ko‘p, meni ham juda ko‘pchilik taniydi deb hisoblamayman (kulib). Nigina Faxriddinova, Shahzoda Salimjonova kabi modellar bor, ularni o‘zimga ustoz deb bilaman. Karantin vaqtida Instagram orqali ularni kuzatib, havas qilardim. Hozir aloqalarimiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda gaplashib turamiz.

Instagram
Shahrizoda yaqin kunlarda Hindistonda o‘tkazilgan Miss Ocean World — 2024 tanlovida hakamlar qatorida bo‘lib, O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan shogirdini tanlovda qo‘llab-quvvatladi.

— Hindistonda bo‘lib o‘tgan go‘zallik tanlovida farg‘onalik shogirdim ishtirok etdi va “Miss best smile” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Agar chet tillarini bilib, faolroq ishtirok etganda, birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lardi, albatta. Chunki juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandi, bir hafta davomida doim kulib yurgani uchun shu unvonni oldi. Eng qizig‘i, meni ham birinchi xalqaro tanlovimda shu nominatsiyaga munosib ko‘rishgandi. Model bo‘lmoqchi bo‘lgan qizlarga maslahatim — til o‘rganish kerak va tanlovlar doirasidagi suhbatlarda faolroq bo‘lishlari lozim.

Instagram
— Sir bo‘lmasa, bitta xalqaro go‘zallik tanlovidagi muvaffaqiyatli ishtirokingiz uchun qancha daromad olasiz?
— Qatnashgan tanlovlarim orasida hali pul mukofoti berilgani bo‘lmadi. Qimmatbaho sovg‘alar va nominatsiyalar taqdim etiladi. Dunyo bo‘yicha top-4 ta go‘zallik tanlovi bor, hozir shularga qatnashish harakatidaman, ularda o‘rin olsam, pul mukofoti bo‘lishi mumkin.

17-18 yoshimdan beri ota-onamdan pul olmayman. O‘zimning shaxsiy bizneslarim bor, ulardan va modellikdan topayotgan daromadim o‘zimning harajatlarimni qoplash uchun bemalol yetadi. Onam uy bekasi, dadam mashinalar savdosi bilan shug‘ullanadi, oilada ikkita farzandmiz — ukam bor.

— Eng umri qisqa faoliyat turi bu — modellik. Shu fikrga munosabatingiz qanday?
— Albatta, o‘zim ham bir umr model bo‘lib ishlamoqchimasman. Shu sababli biznes sohasiga kirib boryapman. Farg‘onada ochiq osmon ostida kinoteatr ochdim, modellik agentligiga asos soldim, agentligimning Toshkentda ham filiali bor.

Instagram
— Modellik maktabini nega aynan Farg‘onada ochgansiz? Toshkentda raqobatchilar ko‘pmi?
— Shunday, Toshkentda agentliklar ko‘p. Ham vodiylik qizlar model bo‘lishni xohlasa, qiynalmasliklari uchun. Sababi o‘zim viloyatda yashagan vaqtim o‘zimga ustoz topolmay qiynalganman. Qizlarni o‘qitamiz, ular modellik maktabimizda o‘qib turgan vaqtda biz orqali model bo‘lib ishlasa, 50 foiz agentlikka, 50 foiz modelning o‘ziga qoladi.

— Model bo‘lish istagidagi qizlar talaygina. Ko‘pchiligi ishni nimadan boshlashni, qayerga murojaat qilishni bilmaydi. Modellikka qiziqqanlar uchun yo‘l-yo‘riqlar bilan bo‘lishing.
— Avvalo, modellik agentligiga murojaat qilishlari kerak. Lekin ba’zilarning o‘qish uchun moddiy taraflama sharoiti bo‘lmasa, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham o‘rgansa bo‘ladi. O‘zim ham ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘rganib, Toshkentga kelib 2 oy malaka oshirib olganman.

Farg‘onadagi modellik maktabimizda 5 yoshdan boshlab qizlarni qabul qilamiz. Kichkina qizlarni ham ota-onasi liboslar ko‘rgazmalariga olib borib, modellikka bersa, undan ham daromad topish mumkin.

Toshkentdagi filialimizda 14 yoshdan qizlarni o‘qitamiz. Qabul qilishda ma’lum bir standartlar bormi, deb so‘rashadi. Unday emas, qizlarni bo‘yi, vazni, yuz tuzilishi va shu kabilarga qarab olmaymiz. Maktabimizda pardoz, liboslar bo‘yicha, psixologiya va raqs, aktyorlik mahoratidan dars beradigan ustozlar bor.

Oylik to‘lovlar ikkita maktabda ham bir xil — 700 ming so‘mdan. Farg‘onada 3 oy, Toshkentda 4 oy o‘qitiladi. Bitirgandan so‘ng sertifikat beriladi.

Qizlar doim ham professional model bo‘lish uchun o‘qimaydi, ayollik nafosatini oshirish uchun keladiganlari ham ko‘p.

Instagram
— O‘zbekistonda modellikdan qancha daromad topish mumkin?
— Havaskor modellar haftasiga 2-3 marta suratga tushib bersa, 100 dollardan topishi mumkin har bir syomkasi uchun. Shunda bir haftada 200-300 dollar degani. Professional modellarga 500 dollardan boshlab haq to‘lanishi mumkin.

— Bilamizki, modellarning tanlovda kiyadigan liboslari juda qimmat bo‘ladi. Sizning eng qimmat libosingiz va tojingiz narxi qancha?
— Go‘zallik tanlovlarida oqshom liboslari hamkor atelye va do‘konlar tomonidan taqdim etiladi. Kiyganlarim orasida eng qimmati 1000 dollar atrofida bo‘lgan. Tojga kelsam, ular ham sovg‘a, narxini aniq bilmayman, 100 dollar bo‘lsa kerak.

— Juda ehtiyotkor insonga o‘xshaysiz. Shu vaqtgacha qandaydir tahdidlar bo‘lganmi?
— Tahdid emas-ku, bir odam modellik bo‘yicha ish, deb aldab chaqirib, Hilton mehmonxonasida qo‘limni so‘ragan. Chet elga ham ish masalasida kelishimni so‘rashgan, bilsam, meni yoqtirib qolgan odam ekan. Shunday vaziyatlar ham bo‘lib turadi.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
— Gul do‘koni ochmoqchiman, xonandalikda ham o‘zimni sinab ko‘rish niyatim bor. Qo‘shiqchi Shahzodaga havas qilaman, klipga rol taklifi bo‘lsa, rozi bo‘lardim. Haydovchilik guvohnomasini olishim kerak, taksida yurib ham charchadim, gap otishadi (kulib).

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Osiyo go‘zali” deb topilgan o‘zbekistonlik Shahrizoda Madaminova bilan suhbat