244
Nojo‘ya takliflar tufayli 18 yil “zapret”da bo‘lgan teleboshlovchi Iroda Nosirova 43 yoshda
“Alvido”, “Janob hech kim” va “Omad” filmlarida suratga tushgan aktrisa, teleboshlovchi va xonanda Iroda Nosirova bu yil 43 yoshni qarshiladi. Hayotda ismiga monand irodali bo‘lishga majbur bo‘lgan va ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan ijodkor haqida nimalarni bilasiz? Agar u haqida yetarli ma’lumotingiz bo‘lmasa, quyidagi maqolani o‘qishingizni tavsiya qilamiz.
“Hayotda irodali bo‘lishimni his qilishgan”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Ismimni buvim rahmatli qo‘ygan ekan. Balki hayotda irodali bo‘lishim kerakligini avvaldan his qilgandirlar. Ijodkor bo‘lishimning asosiy sabablaridan biri bu san’atkorlar oilasida tug‘ilganim bo‘lsa kerak deb bilaman. Bobom Hamidulla Narimonov sobiq Hamza teatrining eng yetakchi aktyorlaridan biri bo‘lgan. Bundan tashqari dublyaj sohasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirgan. Otam Husan Nosirov esa mahoratli sozanda bo‘lgan. Tog‘am Qahramon Ashurov televideniye sohasida ishlagan, xolam Madina Muxtorova esa mashhur aktrisa. Ammo o‘zimda ham san’atga bo‘lgan qiziqish ustun kelgan. Bolalikdan qo‘shiq aytishga qiziqib “Ilhom chashmalari” ko‘rik tanlovida qatnashardim. 1995 yili jonli efirda beriladigan “San’at g‘unchalari” nomli ko‘rsatuv bo‘lardi. Uning bir sonida “Vatan” qo‘shig‘ini hayajonlanib ijro etgandim. Ammo o‘smirlik yoshiga yetganimdan keyin otam xonanda bo‘lishimni istamadi. Oiladagi qarshiliklar sabab, Pedagogika institutiga hujjat topshirdim.
Televideniyega qo‘yilgan qadam
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Birinchi kursda o‘qiyotganimda “Davr” informatsion dasturi uchun kasting o‘tkazildi. Omadimni sinab ko‘rdim va kastingdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Ko‘pchilik “Juda tez gapirasiz”, deyishadi. Bejiz bunday shakllanmaganman deb kulaman. Boisi, davlat televideniyesida har bir boshlovchiga uch uzog‘i 4 daqiqa vaqt berilardi. Men o‘sha paytlarda sport yangiliklarini o‘qirdim. “Yangilikni tez o‘qishim kerak, vaqt yetmay qoladi”, degan hadik bor edi. Qattiqqo‘l ustozlar qo‘lida tarbiyalanganmiz. Bu narsa boshlovchi bo‘lib shakllanishimda katta hissa qo‘shgan. Ammo “Davr”dagi faoliyatim go‘zal yakunlanmadi, u bilan bog‘liq og‘riqlar meni qo‘l siltab ketishimga majbur qilgan, deydi Iroda Nosirova.
“Boshlovchi qo‘shiq aytmasligi kerak edi”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Ayrimlar o‘ylaganidek, boshlovchilikdan ketib xonanda bo‘lib qolganim yo‘q. Men avvaldan qo‘shiq kuylaganman, rollar ijro etganman. Hatto tumanimizda o‘tkaziladigan “Prezident archasi” bayram dasturida ketma-ket ikki yil yalmog‘iz kampir rolini ijro etganman. Informatsion ko‘rsatuvda boshlovchi bo‘lganimdan keyin esa xonanda va aktrisa bo‘lishimga qarshilik bo‘lgan. Ya’ni u yerda boshlovchi bo‘lgan inson boshqa loyihalarda ishtirok etishi mumkin emasdi. Qo‘shiq aytish, rol ijro etish boshlovchi imijiga ta’sir etadi, deyishardi.
“Davr”dan ketgach, qo‘shiqchilikka qaytdim, kliplar suratga oldim. Ammo uni ham xalqqa namoyish etishimda qarshiliklar bo‘ldi, deydi u.
“21 yoshimda 'zapret'ga tushdim”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Ko‘pchilik meni “chet elga ketib qolibdi, 18 yildan beri hech qayerda ko‘rinmayapti”, deyishadi. Odamlar ko‘rinmay ketganimni har xil talqin qilishgan. Lekin men Toshkentda edim, ijodni to‘xtatmagandim. Ko‘rinmaganimning ikkita sababi bor edi. Birinchi o‘zimga bog‘liq bo‘lmagan sababi, 18 yil davomida “zapret”da edim. Ikkinchi sababi esa o‘zim shu narsadan ko‘nglim qolib chiqqim kelmadi. Harakat qilsam bo‘lardi, qaysidir eshiklarga bosh urganimda balki chiqardim. Lekin bu narsalarni qilmadim. Chunki san’at, shou-biznesdan ko‘nglim qolgani uchun bu narsalardan uzoqroq yurdim.
Hamma soha bo‘yicha “zapret”ga tushganman. Birinchi “zapret” 21 yoshimda televideniyeda ishlab yurganimda bo‘lgan. Ya’ni televizorga chiqish, biror dasturni olib borish, ekranda ko‘rinish imkoniyatidan mahrum bo‘lganman.
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
Yigirma bir yosh bo‘lgan vaqtimni o‘ylasam, hozir orqaga qarasam, go‘dak bo‘lgan ekanman, deyman. Nima deb o‘ylaysiz, kimga kerak bo‘lgan yosh bir go‘dakning karyerasini sindirish? Siyosiy xato qilmaganman, o‘sha vaqtda jamoaning eng kichkinasi, eng yosh jurnalisti edim. Nima ish buyurilsa, dam olish kuni demasdan, ishimni vijdonan bajarganman.
Menga ishdan tashqari takliflar bo‘lgan. Yo‘q deganingizdan keyin kimga ham yoqasiz. Nojo‘ya takliflardan so‘ng o‘z xohishim bilan ishdan ketishga majbur bo‘lganman va bundan afsuslanmayman. Balkim boshqa yo‘lni tanlaganimda mansab pillapoyalaridan yuqori chiqib, shuncha vaqt ishsiz yurmagan bo‘lar edim, deydi Iroda Nosirova.
“Osmondan tushgan aktrisa emasman”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Ayrimlar o‘ylagandek, osmondan tushgan aktrisa emasman. 8 yil drama to‘garagiga qatnaganman, televideniyedagi taqiqlardan so‘ng kinoda rollar ijro etishni boshladim. Chunki takliflar avvaldan bo‘lgan, faqatgina ishim sabab ularga rozilik berolmasdim.
U vaqtlarda filmlarning ilk taqdimoti, ya’ni premeralar juda ham dabdabali bo‘lardi. Premeralarning birida oldimga o‘sha vaqtdagi kino rahbarlaridan biri kelib, “Irodaxon, sizning muxlisingizman, siz ko‘proq filmlarda chiqishingiz kerak, sizga yordam beraman, shu sohada falon kresloda o‘tiraman”, dedi.
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
Ertasi kundan menga rejissyorlar telefon qilib, “Rasmlaringizni olib keling, sinovlarga keling”, deyishdi. Fotosinovlarga borib, hattoki sinovlardan ham o‘tdim. Bir-ikki kundan so‘ng haligi odam kechqurun telefon qilib, “Bir joyga kelib keting, Irodaxon”, dedi. Sababini so‘rasam “Sizni akalarim bilan tanishtiraman”, dedi. Keyin bilsam u odam ular bilan garov o‘ynagan ekan. Bormayman deb qat’iy aytganimdan so‘ng sensirashga o‘tib, “Sen ertaga kinoda rol ijro etishingni o‘ylab ko‘rgin, kino ostonasiga qadam bosmaysan”, dedi. Qo‘lingizda osmon bo‘lsa, tashlab yuboring, dedim. Qo‘lida kino bor ekan, tashlab yubordi.
Ertasi kuni fotosinovlaridan o‘tgan rejissyorlarim telefon qilib, “Sizni bizga taklif qilgan odam “zapret” qildi, nima bo‘ldi o‘zi, tinchlikmi?”, deb so‘rashdi. “Hammasi joyida, “zapret”lar meni qo‘rqitmaydi”, dedim.
“Kinodan ham ko‘nglim sovidi”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Vaqt o‘tib menga taqiq qo‘ygan odamning o‘zi ham rahbarlikdan ketdi. Undan keyin bir-ikkita filmlarda suratga ham tushdim. O‘sha vaqtlarda bir rejissyor meni yangi bir loyihasiga taklif qildi. Film ssenariysi aynan men uchun yozilgan edi. Hammasi tayyor bo‘lib, rolga kirishib, kiyimlar tikilganidan so‘ng “Iroda bir homiy bor, u shu filmga pul tikmoqchi, hattoki tikkan pulini ham qaytarib olmas ekan, faqat u xohlagan qizni bosh rolda o‘ynatishim kerak ekan”, dedi. O‘zimni shu rolda tasavvur qilib, shu rolda yashaganman. 'Agar sen yonimda bo‘lsang, menga hech nima kerak emas, biz bu narsalarni birgalikda yengib o‘tamiz', dedi, “Shart emas, rahmat, yo‘lingizda davom eting”, deb ketdim.
Shu bilan kinodan ko‘nglim sovib ketdi. Bu hamma rejissyorlarga tegishli emas. Men ijodini ham, o‘zini ham hurmat qilgan rejissyorlar juda ham ko‘p. Ketma-ket bo‘lgan shunaqa holatlar ko‘nglimning sovishiga sabab bo‘ldi. Keyin kinodan ham uzoqlashishga majbur bo‘ldim.
“Klip efirga ketmadi”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
Iroda Nosirova boshlovchilikdan ketib erkin ijodkor bo‘lishni reja qilgandi. Ammo taqiqlar shu qadar kuchaydiki, uning kliplari to‘lov asosida ham namoyish etilmadi. Eng qizig‘i, u aktrisa sifatida suratga tushgan kliplar ham “zapret”ga tushdi.
— “Qadringga yetmadim, malikam” degan qo‘shig‘im bor, hozirgacha ham bu qo‘shiqni ko‘p odamlar so‘rashadi. Irodaxon “Shu klipni men olay, birinchi klipmeykerlik ishim” deb klipni juda ham chiroyli olib berdi. Xolasi Madina Muxtorova hamda aktyor Hojiakbar Komilov videoklipda bosh rollarni ijro etishdi.
Chiroyli klip bo‘ldi. O‘sha paytlarda Iroda Nosirova “zapret”ga tushib qolgan ekan, klip olish jarayoni ham o‘sha vaqtga to‘g‘ri kelgan.
Videoklip badiiy kengashga kirganda Iroda Nosirovaga qarshi bo‘lgan kimlardir klipimni ham “zapret” qilib yuborgan. Shu bilan bu klip ham efirga ketmadi. Keyin odamlar ko‘rsin deb klipni diskka chiqarishga majbur bo‘ldik, — deydi Anvar G‘aniyev.
“Turmushga chiqish xohishim bo‘lmagan”
Foto: Instagram / @iroda_nosirova20
— Yoshligimdan “Kech turmushga chiqaman” degan fikr bo‘lgan, sababini o‘zim ham bilmaganman. Shundan keyin biz voyaga yetib, dugonalarim turmushga chiqqandan keyin ularning hayotini, turmushini kuzatib, bu fikr rejalarim so‘ngiga o‘tib qolgan. O‘sha paytda turmushga chiqishdan qo‘rqib qolganman.
Sovchilar kelganda bilmadim, nimalardir deb qaytarib yuborardik. Nima desam ekan, menda turmushga chiqishga kuchli xohish bo‘lmagan. Masalan, qizlar turmushga chiqishni xohlaydi, kelin ko‘ylak kiyishni istashadi, lekin menda nimagadir shunday xohish-istaklar bo‘lmagan. Haligacha ham kelin obrazida o‘zimni tasavvur qilolmayman.
Yoshligimdan ko‘proq o‘g‘il bolalar bilan o‘ynardim, o‘g‘il bolalar bilan to‘p surishardik, hattoki “razborka”lar bo‘lib qolsa borardik, sochimni kalta kesib, sport kiyimlari kiyib yurardim. Bir oz o‘g‘il bolalik, chapaniligim borligi uchunmi, bilmadim. Lekin bu narsaga jiddiyroq qarashni boshlaganimdan keyin ham atrofimdagilarni hayotini ko‘rib, turmushda aldanib qolayotgan ayrim odamlarni ko‘rib, men bu narsaga tayyor emasligimni his qilganman. O‘zimda shunaqa holat ro‘y berishini xohlamaganman, deydi Iroda Nosirova.
Iroda Nosirova bir muddat “Zo‘r TV” telekanalining “Bu kun” informatsion dasturi boshlovchi sifatida ishladi, hozirgi kunda esa faoliyatini “Milliy” telekanalida davom ettirmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi