21:39 / 18.09.2024
29

O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari bir oz oshdi

O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari bir oz oshdi
O‘zbekistonda 2024 yil avgust oyida ko‘chmas mulk bozori faoliyatida bir oz pasayish kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, avgust oyida 22,2 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatga olingan, bu iyul oyiga nisbatan 3,5 foizga kam bo‘lib, savdolar soni 23 mingtani tashkil etgan.

Hududlar kesimida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning eng katta pasayishi Sirdaryo (22,6 foiz) va Xorazm viloyatlarida (13,2 foiz), shuningdek Toshkent shahrida (9,7 foiz) qayd etildi.

Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari

Avgust oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi bozor uy-joy narxlari o‘rtacha 0,7 foiz, yillik hisobda esa (o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan) 9,7 foizga oshdi.

Hududlar kesimida ikkilamchi bozor uy-joy narxlari sezilarli darajada Xorazm (21,4 foiz), Surxondaryo (14,6 foiz), Buxoro (13,4 foiz) va Qashqadaryo (13,3 foiz) viloyatlarida ko‘tarilgan.

Toshkent shahri ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar o‘tgan ikki oydagiga nisbat pasayishidan so‘ng avgustda barqarorlashdi: uy-joy narxi 0,2 foizga ko‘tarilib, bir metr kvadrat uchun 1128 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning aksariyat tumanlarida ikkilamchi uy-joylar narxi o‘zgarishsiz qoldi, faqat Mirobod va Olmazor tumanlarida narxlar mos ravishda 1,7 foiz va 1,3 foizga qimmatlashdi.

Toshkentning yana uchta tumanida narxlar bir oz pasaydi — Shayxontohurda - 1,1 foiz, Sergelida – 0,9 foiz va Chilonzorda – 0,6 foiz. Yillik hisobda Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxining o‘sishi 4,2 foizni tashkil etdi.

Uy-joy ijara bozori

2024 yil avgust oyida Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlarining o‘tgan ikki oydagi pasayishidan so‘ng barqarorlashuvi kuzatilmoqda. Ijaraning o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan — 1 metr kvadrat uchun 8,3 dollar. Solishtirish uchun ijara narxlari iyulda 0,6 foizga, iyunda 1,2 foizga pasaygan. Qayd etilishicha, bu turli omillar, jumladan, ijarachilar faoliyatidagi mavsumiy tebranishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahri tumanlari kesimida ijara narxidagi farqlar keskin o‘zgarmagan. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqori bo‘lib, ijara narxi 10 dollar atrofida. Bektemir va Sergeli tumanlarida ijara narxlari nisbatan arzon shakllanib, o‘rtacha 6 dollarni tashkil etdi.

O‘tgan yilning avgust oyiga solishtirganda Toshkent shahrida ijara narxlari 7,3 foizga pasaygan. Yil davomida ijara narxining sezilarli pasayishi Yakkasaroy (14,8 foiz), Yashnobod (13,3 foiz), Shayxontohur (11,5 foiz) va Yunusobod (10 foiz) tumanlarida kuzatildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ikkilamchi uy-joy narxlari bir oz oshdi