21:47 / 20.09.2024
33

O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi

O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
Senatorlar ma’qullagan qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suvereniteti va xavfsizligiga zid bo‘lgan, xalqning sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini tahqirlovchi gaplar aytgan chet el fuqarolari O‘zbekistonga kiritilmaydi, agar ular O‘zbekistonda bo‘lsa, deportatsiya qilinadi va qator moliyaviy taqiqlarga duchor bo‘ladi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladigan bunday shaxslar ro‘yxatiga chet elliklar – parlament va maxsus vakolatli organning taqdimiga binoan kiritiladi.

Oliy Majlis senatining 20 sentyabr kungi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilidi va senatorlar tomonidan ma’qulladi.

Ushbu qonunga ko‘ra, «O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati» yuritiladi.

Unga O‘zbekiston davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati va tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiritiladi.

Ro‘yxatni yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Bunday shaxslarni ro‘yxatga kiritish Oliy Majlis palatalarining kengashlari hamda maxsus vakolatli organlarning taqdimiga binoan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston hududida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi (Ular O‘zbekistonda hududidagi o‘z mulkini sotishi yoki hadya qilishi mumkin).

Shuningdek, mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxs shunday mazmundagi Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

Qonunbuzarning ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yil hisoblanadi, agar u ushbu muddatda ro‘yxatga kirish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf qilsa, muddatidan ilgari ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin

«Tinchlik, osoyishtalikka raxna soluvchi bunday chiqishlar keng jamoatchilikda chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Milliy qonunchilikda bunday chiqishlarni sodir etgan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash nazarda tutilmagan. Vaholanki, bunday qilmishlar tufayli davlat va jamiyat manfaatlariga sezilarli darajada zarar yetishi mumkin», – deydi senator Anvar To‘ychiyev.

«Hamma davlat o‘zining ehtiyot chorasini ko‘ryapti. Siyosatimiz, qonunlarimiz haqida fikr bildirish uchun hamma imkoniyatlar bor. Shunga qaramay, haddini bilmasdan, mamlakatimiz xavfsizligiga tahdid soladigan gaplarni tarqatadiganlar ham bor-da. Biz bundaylarni mehmon deyolmaymiz. Butun dunyoda shunaqa, axloq buzilgan joyda qonun paydo bo‘ladi. Biz juda to‘g‘ri qilyapmiz, undaylarni kiritmaslik kerak», — dedi senator Farmon Toshev.

Qonun O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini hurmat qilish bo‘yicha talabga barchaning, jumladan, chet elliklar ham rioya qilishini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Senatorlar tomonidan ma’qullangan hujjat prezident imzolagach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yil davomida rossiyalik bir qator rasmiylar va propagandachilar, xususan Zaxar Prilepin, Mixail Smolin, Mixail Delyagin, Yevgeniy Fyodorov, Pyotr Tolstoy va boshqalar O‘zbekiston va o‘zbek xalqi sha’niga qaratilgan tahdid va yolg‘on bayonotlari bilan O‘zbekiston jamoatchiligi g‘azabiga sabab bo‘lgan, qator faollar rasmiylarni bunday shaxslarning O‘zbekistonga kirishini taqiqlashga chaqirgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi