Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni qurilish, ta’lim, turizm va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, joriy yil 3 aprel kuni Yangi Toshkent shahrida ilk inshootlar qurilishi boshlangan edi. Davlat rahbari bu ulkan loyiha ilm-fan va ma’naviyat maskanlaridan boshlanayotganiga urg‘u berib, “bular ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyamizning asosi va namunasi bo‘ladi”, degan edi.
Shulardan biri – Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmuadir. U jahonga mashhur Zaha Hadid architects kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Bo‘lajak majmua o‘ziga xos dizayni va funksionalligi bilan diqqatga sazovor. Unda estetika va qulaylik mohirona birlashtirilib, atrof-muhit bilan uyg‘unlik hosil qiladi. Shu jihatlari bilan majmua kelgusida xalqaro turizm maskanlaridan biriga aylanadi.
Yangi Toshkent uchun yana bir salohiyatli go‘sha – Chirchiq daryosi. Aholi va mehmonlarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida uning 6 kilometrga yaqin qismida dam olish hududi barpo etish mo‘ljallangan. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Keyingi yillarda O‘zbekistoning YUNЕSKO bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib bormoqda. Ushbu nufuzli tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilangan. Prezidentning shu yil 15 martdagi qaroriga muvofiq tayyorgarlik boshlab yuborilgan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda rejalar to‘g‘risida axborot berildi. Xususan, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, YUNЕSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiya va boshqa tashkilotlar hamkorligida Samarqand shahridagi madaniy meros obyektlarini asrash, ular bo‘ylab sayohatlar va ko‘rgazmalar tashkil etish choralari ko‘rilmoqda. Mehmonxonalar va tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda barcha sharoit yaratiladi. Sessiya ishtirokchilarining kelib ketishi, madaniy tadbirlar, transport va tibbiy xizmatlar muvofiqlashtirib boriladi.
Ijtimoiy sohadagi eng katta yo‘nalishlardan biri bu ta’lim. Aholisining ko‘pchiligi yosh bo‘lgan mamlakatda uning barcha bosqichlari izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, oliy ta’limda ham yangi maskanlar qurilib, sharoitlar yaxshilanmoqda.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Buxoro davlat universitetida 21 mingdan ziyod yoshlar o‘qiydi, 10 ta fakultet, 8 ta yotoqxona bor. Lekin binolar shaharning turli hududlarida tarqoq joylashgan bo‘lib, o‘qituvchi va talabalarga noqulayliklar tug‘dirmoqda.
Shu bois Buxoro shahrining chekkasida universitet uchun yangi kampus qurish rejalashtirilmoqda. 43 gektarda loyihalashtirilayotgan majmuada barcha fakultetlar, ma’muriyat, yotoqxonalar, laboratoriyalar, kutubxona, stadion, sport zali va amfiteatr yaxlit joylashadi. Dars va amaliyot uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Yotoqxona o‘rni 3 mingtadan 6 mingtaga oshadi. Bo‘sh maydonlarga daraxtlar ekilib, bog‘ barpo etiladi.
Xiva shahri yurtimizning turizm manzillaridan biri. So‘nggi yillardagi bunyodkorlik ishlari natijasida uning salohiyati yanada oshdi. Bu yerga keluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida poyezd vokzali yonida yo‘l o‘tkazgich barpo etish mo‘ljallanmoqda. Loyihaga ko‘ra, 450 metrlik bu yo‘l transportlar qatnovini alohida tashkil etish imkonini beradi, vokzal va Ichan qal’a o‘rtasida piyodalar xavfsiz harakatlanadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari loyihalarni takomillashtirish, ishlarning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda Toshkent shahrida investitsiya dasturlarining bajarilishi haqida ham axborot berildi. Qayd etilgandek, joriy yilning o‘tgan davrida 2 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalar o‘zlashtirilgan. 200 ga yaqin sanoat loyihalari foydalanishga topshirilib, 25 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Jumladan, Yangihayot tumanidagi texnoparkda 46 ta korxona tashkil etilmoqda.
Prezident yil yakunigacha mo‘ljallangan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, energiya tejamkorlikka alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ukraina bir qator shaxslarga berilgan davlat mukofotlarini bekor qildi
Ilon Mask: Yevropa o‘lmoqda!
Mayk Tayson yangi rekord bilan boks tarixiga kirdi