
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboev 15 oktyabr kuni Toshkentda xalqaro konferentsiya doirasida Kun.uz muxbirining Umra litsenziyasi yangi shartlariga doir savollariga javob berdi.
– Nima uchun Umra ziyoratini koʻrsatuvchi firmalarga litsenziya uchun katta mablagʻ – 1 million dollarni (12,8 milliard soʻm) rekvizitga qoʻyish sharti joriy qilindi?
– Endi, bu katta miqdor emas. Xabaringiz boʻlsa kerak, bunga qadar 100 ming dollar qoʻyish [majburiyati] bor edi. Oʻshanda 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Saudiya Arabistonida qolib ketdi, ularning hammasi hukumat tomonidan olib kelindi. Bu haqda biror marta yoritmadingiz…
Demoqchimanki, agar 1 million dollar rekvizitga qoʻyiladigan boʻlsa, havo yoʻllarini 600 dollardan hisoblaydigan boʻlsak, u erdagi mehmonxonalar va boshqa xizmatlarning hisobini olsak bu ham [1 million dollar] ming kishiga etyapti. Oʻsha 15 ming kishi bilan muammo boʻlganida, qoʻyilgan 100 ming dollarga 100 kishini ham qaytarib olib kelishga imkoniyatimiz yoʻq edi.
– 1 million dollar rekvizitga qoʻyilganidan keyin ham faqat bir dona firma tanlab olinib, shunga litsenziya beriladimi?
– Hozir ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri talqin qilinyapti. Biz monopoliya qilayotganimiz yoʻq, bu erda [shartlarni bajarishga] salohiyati bor 10 ta boʻladimi yoki 15 tami, turfirmalarning hammasi oʻtadi. Bu degani bitta Musulmonlar idorasi yoki 4-5 ta firma qoladi degani emas. Bugun tanlovni e'lon qilyapmiz, 15 kun ichida turfirmalarni ajratib olamiz. Balki 15 ta boʻlar, balki 20 ta kimning imkoniyati boʻlsa, oʻshalarni qoʻyamiz. Qimmatlashish boʻlmaydi, sifatli xizmat koʻrsatish boʻladi.
– Agar 1 million dollar rekvizitga qoʻyilsa, turfirmalar foydasini chiqarish uchun narxni oshirishga majbur boʻlmaydimi?
– Harakat qiladi, toʻgʻri. Lekin oldingi safar 77 firmaga litsenziya bergan boʻlsak, yana qanchasi noqonuniy faoliyat yuritgan. Na litsenziyasi boʻlgan, faqat turfirma ochib qoʻygan. Uyoqqa olib borganda sharoitlarni oʻzingiz koʻryapsiz. Maqsadimiz monopoliya qilish yoki boshqa emas. Rahmat deyishimiz kerak, oldinlari faqat bir yilda 2 marta fuqarolarimiz Umra qilolgan. Hozirgi kunda 560 mingga yaqin fuqarolarimiz Umraga borib keldi. Borsin, hamma borsin, lekin u erda sifatli xizmat koʻrsatishimiz kerak. Tibbiyoti boʻlsin, ellikboshisi ham. U erga borgan fuqarolarimizni kimga topshiryapmiz? Oʻzimiz ellikboshi berayotgan edik. Keyingi vaqtda, mana, ijtimoiy tarmoqlarda koʻryapmiz, u erga borganlarning gʻoyaviy “ishlovi” qanaqa boʻladi? Bizning “umrachi“larimizga kim xizmat koʻrsatyapti? Agar ularga oʻqigan, diniy soha xodimlari [hamrohlik qilib] boradigan boʻlsa… qaytib kelganidan keyin gʻoyaviy jihatidan ham toʻgʻrilashning imkoni qiyin boʻlib boryapti. Faqat moliya bilan bogʻliq narsa emas-da bu.
– Bu qaror bilan – fuqarolar Saudiya Arabistoni vizasi hamda biletini mustaqil olib, Umra qilib kelishiga toʻsqinlik qilinmaydimi?
– Bu bemalol, hech qanday toʻsqinlik yoʻq. Nusuk degan Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining dasturi bor, [yoki onlayn turistik viza] uydan oʻtirib, olib boraversin, xohlasa. Xohlasa, Dubay yoki Turkiya orqali, xohlasa toʻgʻridan toʻgʻri reysda borsin. Bunga hech qanday qarshilik yoʻq. uyingizdan oʻtirib bemalol olaverasiz, Saudiya Arabistoni ham buni bemalol ochib qoʻygan. Faqat fuqarolarimizda tushuncha notoʻgʻri boʻlyapti.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar