12:50 / 13.10.2016
15 032

Kimlarga amnistiya qo‘llaniladi?

Kimlarga amnistiya qo‘llaniladi?

12 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Senatorlar o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 93-moddasining 23-bandiga muvofiq parlamentning yuqori palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar, deyiladi "Qalampir.uz" nashri xabarida.

Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati QAROR QILADI:

1. Quyidagi mahkumlar:

a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) Amnistiya to‘g‘risidagi Qaror kuchga kirgunga qadar qonunda belgilangan tartibda I yoki II guruh nogironlari, shuningdek sil kasalligining faol shakliga chalingan (dispanser hisobida 1 va 2 guruh) deb e’tirof etilgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamagan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etgan shaxslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni qasddan sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

3. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o‘talmay qolgan jazo muddati uch yildan ko‘p bo‘lmagan, hukmi ushbu Qaror e’lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamagan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida, 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

4. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.

5. Mazkur Qarorning 1-bandida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi barcha ishlar tugatilsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167 va (yoki) 168-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplamagan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandida nazarda tutilgan, shuningdek o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etgan shaxslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

6. Ushbu Qaror asosida ozod qilinmaydigan shaxslarning:

a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o‘talmay qolgan jazo muddati – uchdan bir qismiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o‘talmay qolgan jazo muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartirilsin.

Ushbu bandning amal qilishi:

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxslarga;

taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

7. Ushbu Qarorning amal qilishi – uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; o‘ta xavfli residivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni o‘tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan; afv etish yoki amnistiya tartibida ilgari jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek o‘lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasin.

8. Ushbu Qarorga muvofiq asosiy jazodan ozod etilgan mahkumlar qo‘shimcha jazolardan ozod qilinmaydi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qo‘mita va komissiyalari ushbu Qarorning qo‘llanilishi tartib-taomillarining ochiq-oshkora amalga oshirilishini ta’minlash ustidan bevosita senatorlar, deputatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari ishtirokida ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini tashkil etsin.

10. Ushbu Qaror amalga oshirilishi uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.

11. Ushbu Qaror e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kimlarga amnistiya qo‘llaniladi?