12:39 / 15.12.2024
19

Nega asabni buzasiz? (hajviya)

Nega asabni buzasiz? (hajviya)
Hayotda benuqson kishi topilmasa kerak. Har qanday odamning hech bo‘lmasa bitta kamchiligi bo‘lishi turgan gap. Shunday ekan, birovlarning kamchiligidan qayg‘urmaslik kerak. Siz asabingizni buzganingiz bilan asabbuzar odam o‘z kamchiligini bartaraf etarmidi! Yo‘q. Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi, degan ibora bejiz aytilmagan.

– Hisobchilar har kuni ishga kechikib kelishadi, – deydi yig‘ilishda kadrlar bo‘limining boshlig‘i kuyinib.

– Hammaning oldida ularni bekorga izza qildi-da, – deb shivirlayman men yonimdagilarga. – Baribir ishga kechikishadi. Bu ularning kamchiligi.

– So‘nggi vaqtlarda ombor mudiri ko‘p ichadigan odat chiqargan, ish vaqtida ham qip-qizarib yuradi, – deydi bosh muhandis qizishib. – Buning oldini olish kerak.

– Ishi g‘alvali, – tushuntiraman uni yupatib. – O‘zini shu bilan ovutadi. Undan keyin ichishga ruju qo‘ygan odam bolaga o‘xshaydi, ichma deganing bilan battar ichadi. Bu ham bir kamchilik-da.

– Ishchilarning sharoitini yaxshilashga ajratilgan mablag‘ ishlatilmay qolibdi-ku, nega nazorat qilmadingiz? – deydi zavod direktori mendan o‘pkalanib. – Kasaba uyushmasi raisining o‘zi beparvo bo‘lsa, qolganlardan nima kutish mumkin?

Asabingizni buzmang, o‘rtoq boshliq, degim keladi-yu, lekin befoyda! Direktorning kamchiligi – behuda asabini buzishida. Meni beparvo deb atashi yangilik emas. Oldingi ish joyimda ham bu gapni ko‘p bor eshitganman. Axir men ham odamman-ku! O‘zimga yarasha nuqsonlarim bor. Beparvoligim, loqaydligim balki kamchiligimdir? Shunday ekan, nega asabni buzasiz? Fe’lingizni keng qilsangiz-chi!

Xurshid Nurullayev

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nega asabni buzasiz? (hajviya)