date
views 86

Oʻzbekistonlik amaldorlarga suiqasd: «chechen izi» va Qodirov tahdidi

Oʻzbekistonlik amaldorlarga suiqasd: «chechen izi» va Qodirov tahdidi
26 dekabr kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov oʻzbekistonlik ikki amaldorga suiqasdda «chechen qoʻli» borligini yana bir marta inkor qilib, Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qildi. Uning aytishicha, gʻarbparast OAVlar prezident oilasi haqida mish-mishlar tarqatmoqda.

«Agar men bu suiqasdni tayyorlaganimda, oʻsha kuniyoq ishni tugatgan boʻlardim. Men haqimda bunday fikrda boʻlmasligingiz kerak. Bu voqeani chuqur oʻrganish bilan birga, uning ustida ishlayotgan tergovchilarga nisbatan ham ichki tergov zarur. Qanday boʻlmasin, men barcha manfaatdor tomonlarga «chechen izi»ni har xil fitnalarga jalb qilmaslikni qat'iy maslahat beraman…

…Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbonlar rolini oʻynashga berilib ketmaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan boʻlsangiz, oʻz vaqtida toʻxtatganingiz ma'qul, aks holda siz barcha intriga va tuhmatlar uchun javob berishingiz kerak boʻladi. Bizning an'analarimizga koʻra javob haqida gapiryapman
», degan Ramzan Qodirov.

U noyabr oyida ham Oʻzbekistondagi suiqasd ishida «chechen izi» borligi haqida tarqatilgan xabarlarni siyosiy oʻyin hamda oʻzbeklar va chechenlar oʻrtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilgan harakat, deb baholagan edi.

Qodirov bayonotiga Oʻzbekiston tomoni Bislan Rasaev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga bergani haqidagi xabarlar sabab boʻldi deyish mumkin.

Dastlab Lenta.ru sayti bu ikki chechenistonlik shaxslar – Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonov va Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Li hayotiga ham suiqasd qilish uringani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi ularga 1,5 mln dollar mukofot va'da qilgani haqida yozib chiqdi. Bu xabar asl manbadan oʻchirib yuborilgan boʻlsa-da, boshqa saytlarda tarqalib ulgurdi.

Shundan soʻng, 26 dekabr kuni Qodirovning yuqoridagi bayonoti yangradi. 27 dekabr kuni Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Allamjonovga suiqasd ishi tergovi doirasida ikki rossiyalik qidiruvga berilgani tasdiqlandi. Bosh prokuraturaga koʻra, Bislan Rasaev va Shamil Temirxanovga qonunga xilof ravishda Oʻzbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik va oʻqotar qurolning qonunga xilof muomalasi moddalari bilan ayblov e'lon qilingan.

«B.Rasaev va Sh.Temirxanov Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sirtdan ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan holda qidiruv e'lon qilingan», – deyiladi xabarda.

Chechenistonlik shaxslarning qidiruvga berilgani rasman tasdiqlangani va Qodirovning tahdidnoma chiqishidan soʻng oʻzbekistonlik deputat va faollar unga qarshi javob qaytardi.

Sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbaev Grozniyga aviaqatnovlarni toʻxtatish va har bir chechen fuqarosini Oʻzbekistonga kirishini qat'iy tekshirish vaqti kelganini aytgan boʻlsa, deputat Odiljon Tojiev Ramzan Qodirov kechagi munosabati uchun Oʻzbekiston xalqidan uzr soʻrashi kerakligini bildirdi.

«Oʻzbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi boʻlgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim.

Javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali boʻlishi shart va zarur! Kerak boʻlsa, etakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini Oʻzbekistonga kirishida qat'iy tekshirish lozim
», degan Rasul Kusherbaev.

Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiev esa Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning «Oʻzbekiston ichki ishlariga aralashishi»ni qoralab chiqdi.

«Men Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasidan Ramzan Qodirovning oʻzbek mulozimlariga tahdidi yuzasidan holatga huquqiy baho berishini soʻrayman. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov oʻzining kechagi munosabati uchun Oʻzbekiston xalqidan ochiqdan ochiq uzr soʻrashi kerak. Shu bilan birga agar u doʻst boʻlsa Oʻzbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda boʻlgan Beslan Rasaev va Shamil Temirxanovni topishda amaliy yordam berishi va uni Oʻzbekistonga topshirishi lozim», deydi deputat.

Komil Allamjonovga suiqasd

2024 yil 30 sentyabrgacha Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi oʻz uyi yaqinida hujumga uchradi: u oʻtirgan mashinaga bir necha bor oʻq uzilgan. Hodisada Allamjonovning oʻziga shikast etmagan.

Bosh prokuratura bundan avval, 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma'lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan edi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozogʻistonda qoʻlga olingani ma'lum qilingandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat