16:51 / 29.12.2024
27

Ekrandagi tajovuz yohud kinoning kuchidan qanday foydalanishmoqda?

Ekrandagi tajovuz yohud kinoning kuchidan qanday foydalanishmoqda?
Biz kommunikatsiya tizimi taraqqiy etgan zamonda yashayapmiz. Deyarli har kuni internet, ommaviy axborot vositalari orqali dunyoning u yoki bu mamlakatida kattalar va bolalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlardan xabardor boʻlib turibmiz. Jahonda turli qotillik, zoʻravonlik, qonli toʻqnashuv, otishma, oʻgʻrilik bilan bogʻliq noxush hodisalar yuz beradi. Ularning paydo boʻlishida ma'lum ma'noda kinofilmlarning ham ta'siri bor. Shu oʻrinda 1987 yilda ekranlarga chiqarilgan «Kaputsinlar xiyobonidagi kishi» filmini misol sifatida keltirib oʻtish kerak.

Film qahramoni Mister Jonni Fyost AQShning Yovvoyi Gʻarbidagi shaharlardan birida kinoteatr ochib, mast-alast, urish-janjallar bilan shugʻullanib keladigan mahalliy aholiga ezgulikni targʻib qiluvchi filmlarni namoyish qila boshlaydi. Shu tariqa kino odamlarni tarbiyalashga xizmat qilishi targʻib etiladi. Haqiqatan moʻ'jiza yuz berib, jinoyatchilik avj olgan shaharda ma'naviy yuksalish boshlanadi. Bezorilar yangi hayotga yuz tutadilar. Ammo bu jarayon uzoq davom etmaydi.

Fyost bir necha kunga shaharni tark etadi. U qaytganida shahar ostin-ustun boʻlib ketgan edi. Mister Sekond ismli shaxs shaharga jangarilik, dahshatli koʻrinishlar aks etgan filmlarni olib kelib, namoyish qilardi. Aholi bir zumda ortga qaytgan – shaharda zoʻravonlik, mast-alast yurishlar, boshboshdoqlik yuzaga kelgan edi. Endi kino ma'naviyatni emas, bosqinchilikni targʻib qilardi. Mister Fyost shaharni tark etishga majbur boʻladi.

Agar tarjima qilinmagan boʻlsa, hali ham kech emas, mana shu filmni oʻzbekchalashtirib, tez-tez televideniye orqali koʻrsatib turish kerak. Kinosanoat zamonaviy insonning turmush tarzi va fikrning shakllanishiga katta ta'sir koʻrsatadi. Kinomagnatlar film yaratar ekan, millionlab dollar mablagʻ ishlab olishni koʻzlaydi. Bolsheviklar dohiysi «Sanatlar ichida biz uchun eng muhimi kino» degan edi. Mana shu san'atdan bugun zoʻravonliklarni targʻib qilishda foydalanishmoqda.

28 dekabr – Xalqaro kino kuni. Shu munosabat bilan kinoga aloqador bir nechta voqeani keltirib oʻtaman. 2012 yilda Kolorado kinoteatrida yuz bergan otishma jangari filmlarning inson ruhiyatiga salbiy ta'siri haqidagi bahslarga moy sepgandek boʻldi. Oʻshanda qotillik sodir etgan Jeyms Xolms ismli shaxs Betmen haqidagi filmlarni tomosha qilganidan soʻng kino qahramoni singari boʻlishni istab qolgan. Floridadagi ruhiy salomatlik markazlaridan birining prezidenti, jangari filmlarning inson ruhiyatiga ta'sirini oʻrganib kelayotgan doktor Jey Rivning soʻzlariga qaraganda, mazkur kinoasarlar odamlarni zoʻravonliklarga targʻib qilar ekan. «Bunday filmlarni tomosha qiladigan odamlarning yashirin nozik jihati bor. Mana shu pinhonalik ularni film qahramonlaridek boʻlishga undaydi», deydi mutaxassis.

2002 yilda Vashington yaqinida bir oʻsmir 10 kishini otib tashlagan edi. Mazkur ishni tekshirgan tergovchilarning fikricha, u «Matritsa» (The Matrix) ilmiy-fantastik trillerini tomosha qilgan ekan. «Zoʻravonliklar aks etgan filmlar, telekoʻrsatuvlar, videooʻyinlar zoʻravonlik xavfini kuchaytiradi» deydi Michigan universitetining psixologiya boʻyicha professori Rouell Xyusman. Shu oʻrinda 1981 yilda prezident Ronald Reyganning hayotiga suiqasd qilganlikda aybdor deb topilgan Jon Xinkli «Taksichi» (Taxi Driver) filmidagi qahramonga oʻxshamoqchi boʻlgani aytiladi.

1999 yilda Koloradodagi maktablardan birida yuz bergan ommaviy qotillikni oʻrgangan tergovchilarning ta'kidlashicha, oʻz maktabdoshlariga oʻq otgan oʻsmirlardan biri kundaliklarida «Qotil boʻlib tugʻilganlar» (Natural Born Killers) filmi haqida yozib qoldirgan. Qurbonlar hamda jabrdiydalarning ota-onalari esa otishmani uyushtirgan har ikki qotilga «Basketbolchining kundaligi» (The Basketball Diaries) filmi ta'sir oʻtkazgan boʻlishi mumkinligini aytishadi.

Mutaxasssilar bir guruh odamlar ishtirokida eksperiment oʻtkazishdi. Ularga hujjatli, melodrama va jangari filmlar koʻrsatildi. Shundan soʻng tahlil uchun qonlari olindi. Melodrama va hujjatli filmlar tomoshasidan soʻng odamlar qonida oʻzgarish boʻlmagan. Jangari filmni koʻrganlaridan keyin esa qondagi antitel miqdori oshib ketgan. Psixologlarning xulosasiga koʻra, dahshat filmlarni tomosha qiluvchilar tajovuzkor boʻlar ekan. Mana shularni inobatga olgan Xitoy hukumati bir qator dahshatli filmlar namoyishini toʻxtatib qoʻydi. Texas universitetida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, dahshatli filmlar inson asabi uchun trening vazifasini bajarar ekan. Ming afsuski, soʻnggi yillarda dahshatli filmlar ishqibozlari ortib bormoqda.

Kino koʻchma ma'noda ham, toʻgʻri ma'noda ham hayot. U insonga ham salbiy, ham ijobiy ta'sir koʻrsatadi. Olimlarning fikricha, filmlar odamlarga muammolarini bir zum boʻlsa-da unutishga xizmat qilib, kayfiyatini koʻtaradi. Buning uchun film qaysi janrda boʻlishining farqi yoʻq.

Toʻgʻri, ekrandagi zoʻravonliklarni har kim oʻzicha tushunadi. Lekin hammani ham oʻzingizga oʻxshatishingiz kerak emas. Filmda aks etgan hodisalarni siz toʻgʻri ma'noda qabul qilsangiz, boshqa birov bu zoʻravonliklarni toʻgʻri ma'noda miyasida idrok etishi mumkin. Eng xavflisi ana shunda. Bostondagi Shimoli-Sharqiy universitet professori, kriminolog Jeyms Foks «koʻpchilik hayotiy reallik bilan fantaziya oʻrtasidagi farqni ajrata olmaydi» degan fikrni aytadi.

Vaziyatni oʻrgangan mutaxassislarning fikricha, jinoyat va jazo ruknidagi koʻrsatuvlarni ham imkon qadar kamaytirish kerak. Ularda dahshatli jinoyatlar haqida ma'lumot berilar ekan, jurnalist katta ish qilganidan faxrlanishi mumkin. Ammo bu kabi ma'lumotlar aksar hollarda koʻpchilik uchun oʻquv qoʻllanmasi boʻlib qolayotganidan ham koʻz yummaslik kerak. Oʻtgan asrning 80-yillarida AQShda mahbuslar oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalariga qaraganda, jinoyatchilarning 63 foizi teleqahramonlardan oʻrnak olib, shu ishni qilganliklarini aytishgan boʻlsa, 22 foizi filmlardagi jinoyat texnologiyasidan foydalanganini ta'kidlagan.

Shu oʻrinda bolalarga moʻljallangan multfilmlardan ham ehtiyot boʻlish lozim. Masalan, 1942 yilda ilk bor ekranga chiqarilgan «Tom va Jerri»ga nisbatan oʻz vaqtida «kartondagi zoʻravonlik» iborasi ishlatilgan edi. Mazkur multfilm bolalardan koʻra koʻproq kattalarga moʻljallangan deguvchilar ham bor. Xorijiy multfilmlarda tajovuzkor va behayo sahnalar borligidan koʻz yumish kerak emas. Bu kabi multfilmlarni bolalarga sira koʻrsatib boʻlmaydi.

Ekrandagi tajovuzkorlik hayotdagi zoʻravonlikni keltirib chiqaradi, demoqda psixiatr va psixologlar. Ularning gapida jon bor. Kimdir kinoni xuddi adabiyot va musiqa singari san'at asari sifatida, boshqa birov zoʻravonlik targʻibotchisi sifatida qabul qiladi. Haqiqatan, bugun zamonaviy televideniye va kinematografiya katta kuchga aylandi. Kino dunyoqarashning shakllanishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, katta muammo ham borki, bu filmda aks etgan voqea-hodisalarni qanday qabul qilinishidadir.

Ma'lum boʻlishicha, bugungi kunda, televizor bolalar uchun asosiy axborot manbaiga aylangan. Masalan, Rossiyada bolalar bir kunda oʻrtacha 3–5 soat, Polsha 2–4 soat televizor qarshisida oʻtirsa, AQShda ular oʻz vaqtini darsdan koʻra koʻproq televizorga sarflashar ekan. Shvetsiyada oʻquvchilar 10 yillik oʻqish davomida 18 ming soatni televizor qarshisida oʻtkazishi ma'lum qilindi. Oʻtkazilgan tadqiqotlarda qatnashgan bolalar televizordan ota-onalari, doʻstlari yoki oʻqituvchilaridan koʻra koʻproq ma'lumot olishlarini aytishardi. Amerika Tibbiyot assotsiatsiyasi ma'lumotlariga koʻra, oʻquvchi maktab davrida televizor orqali oʻrtacha 8000 ta qotillik va 100.000 zoʻravonlikni tomosha qilar ekan. Tadqiqotchilar televideniye axloqsizlikni targʻib qilishini ham tan olishadi.

Shu oʻrinda ayrim seriallarda erning xotinga, xotinning erga qilgan xiyonatini namoyish qilish nazarda tutiladi. Sotsiologik tadqiqotlardan ma'lum boʻlishicha, yoshlarning 58 foizi film qahramonlarining xatti-harakatlarini takrorlashga urinadi.

Ayrim telekompaniyalar axloq me'yorlariga rioya qilmagan holda chegaradan chiqib ketmoqda. Masalan, 1998 yilning 1 may kuni AQShda erta tongdan bir qator telekompaniyalar bolalarga moʻljallangan koʻrsatuvlarini uzib qoʻyib, Los-Anjelesdagi koʻchada oʻz joniga qasd qilgan erkakni koʻrsata boshladi. Oʻshanda bolalar qoʻlda qurol bilan koʻchada oʻtkinchilarga tahdid qilib chopib yurgan va oxir-oqibat oʻz miyasiga oʻq otib, koʻchani qip-qizil qonga boʻyagan erkakni tomosha qilishga majbur boʻlgan edi. Toʻgʻri, keyinchalik telekompaniyalar ota-onalardan kechirim soʻradi. Ammo gʻisht qolipdan koʻchgan edi. Ming afsuski, bu kabi koʻrinishlar bir qator xorijiy mamlakatlarda odatiy holga aylanib ulgurdi. AQSh maktablari, ta'lim muassasalarida oʻquvchi yoki talaba tomonidan sodir etilayotgan otishma va qotilliklarni aytmay qoʻya qolaylik. Ilmiy tadqiqotlar koʻrsatishicha, televideniyening salbiy ta'siri natijasida jinoyatchilik avj olmoqda.

Olimlarning aytishiga koʻra, har qanday mamlakatda bugun koʻrsatilgan zoʻravonlik holati 10–15 yil oʻtib oʻz ta'sirini koʻrsatar ekan. Bu borada Janubiy Afrika va Kanadada oʻtkazilgan tadqiqotlar misol sifatida keltiriladi. AQSh sogʻliqni saqlash vazirligi qoshida 1969 yilda jamiyatda zoʻravonliklarni tadqiq qiluvchi ilmiy-konsultativ qoʻmitasi tashkil etilgan. Qoʻmita xodimlarining soʻzlariga qaraganda, ekrandagi zoʻravonliklar tomoshabin hayotiga ta'siri boʻladi. Shunday ekan, telekompaniyalar oʻz tomoshabinlari, ayniqsa bolalar va oʻsmirlar orasidagi mas'uliyatni his qilishlari kerak. 1977 yilda AQShdagi uchta telekompaniyaga (ABS, NBS, CBS) ayblov e'lon qilindi. Ular namoyish qilgan lavha Mayamidagi 15 yoshli oʻsmirning 83 yoshli qoʻshnisini oʻldirishiga sabab boʻlgani tan olingan edi.

Bugungi kunda «oʻrgimchak uyasi» ham bolalar uchun xavfli boʻlib bormoqda. Internet va kompyuter oʻyinlari bolalarning koʻngilxushlik maskani boʻlib qoldi. Virtual dunyo bilan oshno bolalar oʻz joniga qasd qilishdan qaytmasligi borasida kattalar ogohlantirilmoqda. Internetga mubtalo boʻlgan bola monitor oldidagi vaqtini nazorat qilolmay qoladi. U qotilliklar, qon toʻkilishlari, shahvoniy koʻrinishlar aks etgan oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgach, sogʻligʻi va hayotini garovga tikib, hayotda ham shunday qilishga intiladi.

Jamiyat bolalarni oʻyinlar girdobidan olib chiqishni istasa, ota-onalar, oʻqituvchilar, mahalla-koʻy, umuman olganda, keng jamoatchilik oyoqqa turishi kerak. «Kattalar bolalar uchun vaqt ajratib, ularning nimalar bilan shugʻullanayotganini nazorat qilishlari lozim» deydi mutaxassislar. Davlat zoʻravonliklar aks etgan filmlarni taqiqlayotganiga qaramay, ota-onalar farzandlariga vaqt ajratmas ekan, koʻrilayotgan chora-tadbirlar samara bermaydi. Axloqsizlik, zoʻravonliklarni targʻib qiluvchi film, koʻrsatuvlar oʻz vaqtida toʻxtatilmasa, bolalarning porloq kelajagi zimistonga aylanishi mumkin.

Sharofiddin Toʻlaganov,
jurnalist.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat