
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi xodimlarini aldab, tezkor tadbirdagi pulni olib ketgan yigitlarga sud hukmi oʻqildi.
Kun.uz oʻrgangan sud hujjatida keltirilishicha, 1992 yilda tugʻilgan J.S. oldin ham bir necha marotaba sudlangan va xavfli retsidivist deb topilgan. Ikkinchi sudlanuvchi Sh.I. esa 1996 yilda tugʻilgan. Har ikki yigitga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan.
J.S. 2024 yil 26 iyun kuni departamentning Navoiy viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. U oʻz murojaatida “Feruz” ismli shaxs haydovchilik guvohnomasi olib berish evaziga 700 AQSh dollari talab qilayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
J.S.ning murojaat yuzasidan departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tezkor tadbir davomida arizachi jinoiy sherigi Sh.I. bilan boshqarma maxsus kassasidan protsessual tartibda taqdim qilingan 700 AQSh dollari va maxsus ovoz yozish moslamasini qoʻlga kiritib, voqea joyidan yashiringan. Soʻngra tezkor tadbir uchun berilgan pul mablagʻlarini oʻz ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
J.S. sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirgan.
“2024 yilning aprel-may oylarida Sh.I. bilan tanishib qoldim. Shundan soʻng u bilan aloqalarim yaxshilanib, bordi-keldi qila boshladim. Oʻsha vaqtlarda farzandim kasalligi tufayli Sh.I.dan pul topish boʻyicha maslahat soʻradim. U departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi S.X. bilan tanishtirib qoʻydi. Shundan soʻng, Sh.I. departament bilan aloqasi yaxshi ekanini, departament orqali pulni olish mumkinligini taklif qildi.
Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, goʻyoki oʻylab topilgan shaxs tomonidan undan noqonuniy tarzda pul talab qilgani hamda unga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini soʻrashim haqida yoʻl koʻrsatdi. U yolgʻondan audioyozuv qilib departamentga taqdim qilishimni hamda tadbir davomida berilgan pul mablagʻlarini olib voqea joyidan ketib qolishimni, shunda departament xodimlari pullarni oʻzlari toʻlashini ma'lum qildi”, degan J.S. oʻz koʻrsatmasida.
Oʻylangan rejaga asosan J.S. departamentning Navoiy viloyati boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. Unga belgilangan tartibda tezkor tadbir uchun 700 AQSh dollari va ovoz yozib olish qurilmasi taqdim qilingan.
Shundan soʻng departament xodimlari va xolislar ishtirokida belgilangan joyga borganda J.S. telefonini oʻchirib, voqea joyidan yashiringan. Unga tadbir uchun berilgan 700 AQSh dollari va ovoz yozib olish moslamasini oʻzi bilan olib ketgan.
“Soʻngra Navoiy shahridagi 17-maktab yonida Sh.I. bilan koʻrishib, oʻsha erdagi doʻkondan dollarni soʻmga almashtirib chiqdim. 100 AQSh dollariga kiyim oldim. Shu kuni Navoiy shahridagi saunaga borib, dam oldik. Qolgan 400 AQSh dollarini bankomatdan soʻmga aylantirib, oʻz ehtiyojlarim uchun ishlatib yubordim”, degan J.S. sudda.
Sudlanuvchi Sh.I. ham sudda aybiga toʻliq iqrorlik bildirgan.
Sud hukmi bilan J.S. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi, 237-moddasi (yolgʻon xabar berish) 2-qismi “a, b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda oʻtash belgilangan.
Sh.I. esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 237-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan aybli deb topilib, 2 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar