Tojikistonning Vahdat shahridagi qattiq tartibli koloniyada 3 fevral kuni 9 nafar mahbus qochishga urindi. Ular qoʻlbola qurollardan foydalanib muassasa qoʻriqchilariga hujum qilgan. Bu haqda Tojikiston Adliya vazirligi Jinoyat-ijroiya bosh boshqarmasining Jamoatchilik bilan aloqalar markaziga tayanib, “Xovar” xabar bermoqda.
Hujum oqibatida koloniyaning uch nafar xodimi ogʻir tan jarohati olgan.
“Mahbuslar muassasa ma'muriyatining qonuniy talablariga boʻysunmay, qoʻlbola oʻtkir va tigʻli temir pichoqlardan foydalangan holda, hech qanday shikoyat va shartlarsiz oʻz jinoiy harakatlarini davom ettirdi. Ular muassasa qoʻriqchi askarlarini oʻldirishga va qochib ketishga urindi”, — deyiladi xabarda.
Qoʻriqchilar qonun va xizmat yoʻriqnomalariga muvofiq chora koʻrgan hamda hujum qilganlarga qarshi oʻt ochgan. Oqibatda uch nafar jinoyatchi oʻldirilgan, qolganlari qoʻlga olingan.
Jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatilgani, ularning salomatligi “normada” ekani aytilmoqda. Muassasani qoʻriqlash va himoya tizimi toʻliq tiklangan.
Eslatib oʻtamiz, 2019 yil may oyida aynan shu muassasada mahbuslar isyon koʻtargandi: pichoq va kesuvchi asboblar bilan qurollangan 30 nafar mahbus muassasaning 3 nafar xodimini garovga olib, soʻngra ularni oʻldirgan. Soʻng ular boshqalarni qoʻrqitish maqsadida yana besh nafar mahkumni qatl etgan.
Qoʻzgʻolon bostirilib, isyon tashkilotchilari xavfsizlik kuchlari tomonidan yoʻq qilingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar