![2024 yil Oʻzbekistonda sodir etilgan eng gʻaroyib firibgarliklar](/uploads/posts/2025-02/2.webp)
Foto: kazpravda.kz
Aldash – firibgarlik jinoyatining asosi. Buni kasb qilib olganlar birovlarni aldash uchun shunday yolgʻonlar oʻylab topishadiki, ularning “ijodkor”ligi kishini hayratga soladi. Firibgarlar “oʻljasi”ni koʻziga qarab turgan holda aldab, pul yoki mulkini egallab oladi.
Oʻzbekistonda har yili minglab firibgarlik jinoyati sodir etiladi. Ularning aksariyati aldov yoʻli bilan oʻzga shaxslar ishonchiga kirib, pul yoki mulkini egallab olish bilan bogʻliq. Kun.uz 2024 yilda respublikada sodir qilingan gʻaroyib firibgarliklarni toʻpladi.
Taksistlarni “uxlatgan” yigit
Zangiota tumanida yashovchi 20 yoshli yigit kirakashlarni chuv tushirishni maqsad qiladi. Buning uchun u juda oddiy yolgʻon oʻylab topgan va kirakashlar bu yolgʻonga ishongan.
Firibgarlik sxemasi quyidagicha: yigit Toshkent shahri koʻchalarida yurib, yoʻlovchilardan telefonidan biror daqiqaga foydalanib turishni soʻragan hamda oʻzi turgan manzilga Yandeks chaqirgan. Chaqiruv boʻyicha kelgan taksist qoʻliga esa paketga oʻralgan buyumni (hid taratuvchi aksessuar) tutqazib, biror manzilga etkazib berishni soʻragan.
“Manzilda sizni kutib olgan odam “pochta” uchun 300 ming, yoʻl haqi uchun 100 ming soʻm beradi. Siz menga “pochta” pulini berib ketaverasiz”, deya aldagan u jabrlanuvchilarni.
Taksistlar uning gapiga ishonib, “pochta” pulini yigitga tutqazib, aytilgan manzilga yoʻl olishgan. Manzilga etib borganida esa aldanganini bilishgan. Ilova boʻyicha taksini chaqirgan odamga bogʻlanishsa, u begona boʻlib chiqavergan.
Yigit shu uslubda bir emas, ikki emas, 6 holatda taksistlarni turli miqdordagi pulga chuv tushirgan. Ammo oxiri qoʻlga tushgan.
Sudda yigit barcha qilmishlarini tan olgan va ushbu ishlarda umuman sherigi boʻlmaganini, bir oʻzi sodir etganini bildirgan. Sud hukmi bilan unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 70 baravari (23,8 mln soʻm) jarima jazosi tayinlangan.
Tekinga tushgan “ming tish”
Mazkur firibgarlik jinoyati 2024 yil 17 oktyabr kuni Angren shahrida sodir boʻlgan. 44 yoshli ayol shaharning Sagʻbon mahallasida yashovchi fuqaroga (ayol kishi) oʻzini “eski-tuski” narsalarni sotib oluvchi sifatida tanishtirgan.
“Moʻyna, ya'ni hayvon yoqalarini sotib olaman”, degan u. Ayol moʻyna borligini aytib, uyga kirib ketgan va birozdan soʻng palto yoqasini koʻtarib chiqqan. Biroz savdolashishdan soʻng moʻyna 50 ming soʻmga sotib olingan.
“Yana nimalar sotib olasiz?”, deya soʻragan xonadon bekasi. Ayol tilla ziraklar olishini aytgan. Shunda uy egasi qulogʻidagi zirakni qanchaga olishini soʻragan.
“Qani, olib bering-chi, avval koʻraylik”, degan eski-tuskichi. Soʻngra “Ming tish” deya ataluvchi zirakni qoʻliga olib, u haqiqiy tilla emasligini, ishonmasa isbotlab berishni bildirgan.
Shu tariqa firibgar zirakni oʻzining yonidagi allaqanday suyuqlikka solgan. Shunda zirak qorayib qolgan.
“Ana, koʻrdingizmi, qorayib qoldi. Tilla qoraymaydi axir. Istasangiz ziragingizni ertaga oqartirib keltirib beraman. Ungacha sizga oʻzimning mana bu ziragimni qoldirib ketaman”, degan u ustamonlik bilan.
Firibgar oʻzining soxta ziragini qoldirib, oʻrniga haqiqiy tilla zirakni olib ketgan. Yoshi ancha katta boʻlgan ayol uning gapiga ishonib qolavergan. Oradan 4-5 kun oʻtib, yoʻli yana Angren shahriga tushgan firibgar profilaktika inspektori tomonidan toʻxtatilib, holat aniqlashtirilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Sud hukmi bilan firibgar ayolga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va BHMning 50 baravari (18 mln 750 ming soʻm) jarima jazosi tayinlangan. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan.
“Podezdchi” firibgar
1993 yilda tugʻilgan yigit tomonidan Qoʻqon shahrida sodir etilgan “seriyali” firibgarlik ham hech kimning xayoliga kelmagan sxemaga asoslangan. U asosan birovlarning telefonini qoʻlga kiritib, sotib yuborish orqali pul topishni maqsad qilgan. Uning “oʻljasi” ham asosan taksistlar boʻlgan.
Yigitning dastlabki “ovi” shunday boʻlgan: u yoʻlovchi sifatida taksiga mingan va Qoʻqon shahar, Alisher Navoiy mavzesi, 32-uyning yoniga borgan.
“Mana shu soatni sotib olmoqchiman. Telefoningizga suratga olib, akamga koʻrsatib chiqsam boʻladimi? 5 daqiqada qaytaman, siz shu erda kutib turing”, degan u goʻyo uyiga kelgan kabi tutib oʻzini.
Kirakash uning soddalik bilan aytgan gapiga ishongan va mayli degan. Yigit taksistning 1,5 mln soʻmlik telefonini olib, soatni suratga tushirgan. Soʻngra soatni taksistga berib, oʻzi “dom” podezdiga kirib ketgan.
Taksist yigitni kutib oʻtiravergan. Biror soatdan soʻng mashinadan tushib, yigit kirib ketgan podezdning narigi tomonidan chiqib ketish mumkinligini koʻrgan hamda aldanganini bilgan.
“Ishi yurishgan” yigit bir necha kundan soʻng yana bir taksistni yoʻl haqini uydan chiqarib berish sharti bilan oʻsha hududga boshlab borgan.
“Telefoningizni berib turing, uydagilarga qoʻngʻiroq qilib olay, pul olib tushishsin”, degan shovvoz taksistning 2 mln soʻmlik telefonini olib, oʻzini goʻyoki gaplashgan holda uyga kirib chiqayotgandek tutib, ikkinchi tomoni ham ochiq boʻlgan podezdga kirib ketgan. U shu ketishi boʻyicha gʻoyib boʻlgan.
Yigit shu uslubda oʻndan ortiq kirakashning telefonini oʻmargan va sotib, oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Sud hukmi bilan unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar yigitning oila a'zolari tomonidan qoplangan.
Sigaretga ketgan doʻst
Samarqand viloyatining Urgut tumanida sodir qilingan mazkur firibgarlik jinoyati “Gugurtga ketib” filmini yodga soladi: doʻstining mashinasi bilan sigaret olib kelishga ketgan doʻst qaytmaydi. Bu qanday sodir boʻlgan?
2002 yilda tugʻilgan, Urgut tumanining Chagʻizgʻon mahallasida yashovchi yigit yosh boʻlishiga qaramay “xavfli retsidivist” degan nomni egallagan. Sababi u bungacha ham bir necha bor jinoyat sodir qilib, sudlangan.
Yigit 2024 yil 29 avgust kuni doʻstining Cobalt mashinasida Urgut tumani Chorchinor mahallasidagi soy boʻyiga dam olishga boradi. Kechga yaqin doʻstlarning sigareti tugaydi.
“Doʻstim, mashinangni berib tur, qishloqqa borib sigaret olib kelay”, deydi u. Doʻsti esa ishonib, unga mashina kalitini tutqazadi. Afsuski, sigaretga ketgan doʻst qaytmaydi.
Yigit mashinani boshqarib, Samarqand tumani Diyor mahallasidagi avtomashinalarni ta'mirlash ustaxonasiga boradi. Oʻsha erda mashina “korobkasi” va xotira qutisini, jami 29,2 mln soʻmlik ehtiyot qismlarini echib olib, Toshkent shahrining Sergeli tumaniga keltirib 900 dollarga sotib yuboradi. Mashina egasi uni kutib oʻtirgan bir paytda yigit doʻstini chuv tushirib ketgandi.
Bundan tashqari, xavfli retsidivist Toshkent shahrida kuniga 700 ming soʻm ijara toʻlash sharti bilan Lacetti mashinasini olib, uning 14 mln soʻmlik ehtiyot qismlarini echib sotib yuborgan.
Sud hukmi bilan yigitga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada oʻtash belgilangan.
Toʻyxonaning soxta egasi
2024 yil sentyabr oyida Toshloq tumanida sodir boʻlgan firibgarlik jinoyatida ham jabrlanuvchilar juda oddiy va kutilmagan shaklda aldangan. Ushbu firibgarlikni 1988 yilda tugʻilgan xavfli retsidivist sodir qilgan.
U 2024 yil 23 sentyabr kuni Toshloq tumani, Sadda mahallasidagi “Turon” toʻyxonasi oldiga kelgan va kim toʻy oʻtkazayotganligini bilib olgan. Soʻngra tuman markazidan “Royal” taksi firmasiga taksi kerakligi haqida buyurtma qilgan.
Buyurtmaga asosan etib kelgan taksi haydovchisiga telefon orqali “Turon” toʻyxonasiga borishni hamda telefonni toʻy egasiga berishni aytgan. Taksist aytilgani kabi toʻyxonaga borib, telefonni toʻy oʻtkazayotgan fuqaroga bergan.
“Men toʻyxona egasiman, kassa uchun toʻlovlarni qilayotgandim, toʻyxona pulini berib yuborsangiz”, degan firibgar toʻy egasiga. Uning gapiga ishongan toʻy egasi esa 3 mln soʻmni taksistga tutqazgan. Taksi haydovchisi esa pulni firibgarga keltirib bergan.
Toʻy yakuniga etgach toʻyxonaning haqiqiy egasi toʻychilardan pulni soʻragan. Toʻy egasi esa holatdan hayron boʻlib, boshini ushlab qolavergan.
Sud hukmi bilan firibgarga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 7 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Toʻy egasiga etkazilgan zarar esa qoplangan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar