15:13 / 25.02.2025
23

Sherzod Asadov: Qozogʻiston mediasi bilan hamkorlik yuzasidan kelishib olindi

Sherzod Asadov: Qozogʻiston mediasi bilan hamkorlik yuzasidan kelishib olindi
Bugun, 25 fevral kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Qozogʻistonning «Tengrinews», «Massaget», «Vesti», «Juldiz FM», «Tengri FM» va boshqa koʻplab etakchi ommaviy axborot vositalarini birlashtirgan «Alash Media Group» xoldingining asoschisi va bosh direktori Zaure Kazibayeva bilan uchrashdi.

«Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdik», – deb yozadi Asadov.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda media sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga oid masalalarning keng doirasi batafsil muhokama qilingan. Ikki davlatning qardosh xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishi haqida yakdil fikr bildirildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston va Qozogʻiston ommaviy axborot vositalariga qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda, jumladan, kontent almashish, press-turlar uyushtirish, ikki davlatning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda ilgari surishda ularga har tomonlama koʻmaklashishga kelishib olingan.

Ma'lumot uchun, kecha, 24 fevral kuni ham Sherzod Asadov «BBC World News»ning Evroosiyo mamlakatlari boʻyicha vakili Sergey Stanovkin bilan uchrashuv oʻtkazgani haqida ma'lum qilgan edi.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, professional jurnalist kadrlarni tayyorlash va matbuot xizmatlari xodimlarining malakasini oshirish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat