15:12 / 06.03.2025
197

Ikki qizni Turkiyaga chaqirib fohishalikka majburlaganlar ushlandi

Ikki qizni Turkiyaga chaqirib fohishalikka majburlaganlar ushlandi
Hozirda Turkiyada istiqomat qilayotgan «Shahnoza» ismli ayol Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashovchi ikki ayolga ularning qizlarini ushbu davlatga yuborishini, ularni o‘zi kutib olishini va yaxshi daromad topishlariga yordam berishini va’da qilgan. U qizlarni «yuz massaji» yo‘nalishida ish borligi bilan ishontirgan, biroq qizlardan shahvoniy maqsadda foydalanishni ko‘zlagan va ularning O‘zbekistondan Turkiyaga borish uchun aviachipta va boshqa moddiy xarajatlarni qoplab bergan.

19 yoshli ikki qiz joriy yilning 6 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaning Anqara shahriga, so‘ng Konya viloyatiga yetib borgan. Ularni kutib olgan uch nafar shaxs (Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari) shu zahotiyoq qizlarning pasportlarini olib qo‘ygan.

Shundan so‘ng, ularni intim xizmatlar ko‘rsatuvchi xonadonga olib borib, erkaklarga intim xizmat ko‘rsatishga majburlagan. Qizlardan biri bunga rozi bo‘lmagani uchun kaltaklangan va unga ruhiy hamda jismoniy tazyiq o‘tkazilgan. Ularni yopiq sharoitda saqlab, takroriy qarshilik ko‘rsatishsa, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan 12 fevral kuni olingan ma’lumotga asosan Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya Respublikasi huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2005 yilda tug‘ilgan ikki qizni O‘zbekistonga qaytarilishiga erishildi. Qizlar zudlik bilan reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.

Shuningdek, qizlarni aldab chaqirtirgan va ularni shahvoniy ishlarga jalb qilgan shaxslar Turkiyada hibsga olindi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 1987 yilda tug‘ilgan (Sh.J.) ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ushbu shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat