19:13 / 06.03.2025
37

Toshkentda uy-joy narxlarida qanday o‘zgarish kuzatildi?

Toshkentda uy-joy narxlarida qanday o‘zgarish kuzatildi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari yil boshidan ko‘chmas mulk bozori o‘z mavqeyini mustahkamlayotganini ko‘rsatdi.

Yanvar oyidan ko‘chmas mulk bozorida faollik tiklanayotganini kuzatish mumkin. Mazkur oyda oldi-sotdi shartnomalari soni 25,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 17,4 foizga ko‘paygan.

Hududiy dinamika

Yil boshidan ko‘chmas mulk oldi-sotdi dinamikasi ayrim hududlarida ijobiy tendensiyani ko‘rsatdi. Eng sezilarli o‘sish Jizzax viloyatida qayd etilib, sotuvlar 44 foizga oshgan, shuningdek, Navoiy viloyatida 36 foizga o‘sgan.

Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 28 foizini tashkil etib, bitimlar soni 18 foizga o‘sgan.

Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari

Yanvar oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 0,3 foizga oshib, o‘tgan yilga nisbatan 4,6 foizga o‘sdi.

Yillik hisobda hududlar kesimida uy-joy narxlarining yuqori o‘sishi Surxondaryo (11,4 foiz), Jizzax (10,4 foiz) va Farg‘ona (8,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Yanvar oyida Toshkent shahrida o‘rtacha uy-joy narxi deyarli o‘zgarmagan. Poytaxt tumanlari kesimida narxlar pasayishi Sergeli (- 1,8 foiz), Yunusobod ( - 1,7 foiz) va Mirzo-Ulug‘bekda ( – 1,5 foiz) qayd etilgan.

Yillik hisobda Toshkent shahrida uy-joy narxi 2,3 foizga pasaygan.

Uy-joy ijara bozori

Yanvar oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida faollik biroz pasaygan. O‘rtacha ijara narxi 8,1 dollarni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10 dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7 foizga pasaygan. Eng katta pasayish Chilonzor (17,4 foiz), Olmazor (16,7 foiz) va Yashnobod (14,3 foiz) tumanlarida qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat