12:22 / 14.03.2025
162

Qarshi shahri qariyb 8 ming gektarga kengaytiriladi

Qarshi shahri qariyb 8 ming gektarga kengaytiriladi
Qarshi shahrining yangi bosh rejasi va rivojlanish dasturi bo‘yicha Hukumat joriy yil 24 fevralda qabul qilingan qarorga asosan, shahar hududi kelgusi 18 yilda jadal rivojlanishni boshlaydi. 2030 yilga qadar Qarshi shahrining hududi 11 ming gektarga, 2042 yilga kelib esa 16 ming gektargacha kengayishi kutilmoqda. Bu yillarda shahar aholisi ham mos ravishda 300 mingdan 470 ming kishigacha o‘sishi kutilmoqda.

Qarshi shahrining rivojlanish rejasi bo‘yicha, uy-joy fondi birinchi navbatda 7 million 200 ming kvadrat metrgacha, hisob davrida esa 10 million 810 ming kvadrat metrgacha kengayishi nazarda tutilgan. Bu shahar aholisining uy-joy bilan ta’minlanish darajasini ko‘tarishga yordam beradi. 2030 yilda har bir kishi uchun o‘rtacha 18 kvadrat metr, 2042 yilda esa 23 kvadrat metrlik uy-joy maydoni taqdim etiladi. E’tiborlisi, shaharning uy-joy fondida 2-3 va 4-5 qavatli uylar qismining kamayishi, 7, 12, 14 va 16 qavatli uylar qismining ortishini ko‘rsatadi. Bu o‘z navbatida shahar landshaftining o‘zgarishini ham taqozo qiladi.

Shaharning ijtimoiy infratuzilmasiga ham katta e’tibor berilmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablari soni oshiriladi va 2030 yilga kelib ularning umumiy quvvati mos ravishda 22 ming va 64 ming o‘ringa yetkaziladi. Tibbiy xizmatlar ham rivojlanadi, shifoxonalar va poliklinikalar soni, shuningdek, do‘konlar, klublar, madaniyat saroylari, teatrlar va kinoteatrlar ham ko‘payishi kutilmoqda.

Transport infratuzilmasi ham sezilarli darajada rivojlanadi. Qarshida magistral ko‘chalarning uzunligi 2030 yilda 155,35 kilometrga, 2042 yilda esa 291,33 kilometrga yetkaziladi. Bu ko‘chalarda tashiladigan yo‘lovchilar soni ham ortishi kutilmoqda, 18 yildan keyin 235 million nafar yo‘lovchi tashiladi.

Shu bilan birga, ekologik muhitni yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Qarshi shahrining yangi rivojlanishida ko‘kalamzor hududlar maydonini oshirish, sanitar-himoya hududlari maydonini kengaytirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirlarni kamaytirish maqsad qilinadi. 2030 yilga qadar ekologik talablarga mos umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzor hududlar maydoni 423 gektarga, sanitar hududlar maydoni esa 586,7 gektargacha kengaytiriladi.

Qarshi shahrining kelajagi haqidagi ushbu qarorlar shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtiradi va aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan. Bu sa’y-harakatlar shaharni nafaqat mahalliy, balki mintaqaviy darajada ham rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat