
Joriy yilning 28-29 aprel kunlari O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Sh.Aminov boshchiligidagi mamlakatimizning vazirlik va idoralari delegatsiyasi mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston–Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Moskva shahrida tashkil etilgan mazkur tadbirda Rossiya tomonidan Bosh prokuror o‘rinbosari P.Gorodov rahbarligida mamlakat Bosh prokuraturasi, Federal xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa mas’ul idoralar vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda har ikki mamlakat vakillari migratsiya sohasidagi hozirgi vaziyat, mavjud muammolar hamda ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni muhokama qildi. Shuningdek, ikki davlatning manfaatlarini inobatga olgan holda, migratsiya sohasida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish va bu borada amaliy qadamlar tashlash masalalari kelishib olindi.
Jumladan, O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari mehnat faoliyati uchun Rossiyaga kelayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar hamda O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan rossiyalik fuqarolarning huquqlari buzilmasligini nazorat qilish, ularning manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirish majburiyatini oldilar.
Tadbir yakunida mehnat migratsiyasi va migrantlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ikki tomonlama ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlar aks etgan bayonnoma imzolandi. Delegatsiyalar rahbarlari mazkur hujjatni imzolash orqali kelgusida ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlik yanada kengayishiga umid bildirdilar.
O'zbekiston yangiliklari O‘zbekiston RossiyaMehnat MigratsiyasiMigrantlar HuquqlariBosh Prokuraturasi HamkorligiTadbir YakunlariQonuniylikni Ta’minlash Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar