date
views 63

Telegram orqali PUBG akkauntlari bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi: yoshlar ogoh bo‘lishi zarur!

Telegram orqali PUBG akkauntlari bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi: yoshlar ogoh bo‘lishi zarur!
So‘nggi vaqtlarda internet orqali pul ishlashni maqsad qilgan ba’zi shaxslar fuqarolarni turli firibgarlik usullari bilan aldab, pullarini o‘zlashtirish holatlari ko‘paymoqda. Ana shunday holatlardan biri Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida qayd etildi.

Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik bo‘limi hamda Ohangaron shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida Telegram ijtimoiy tarmog‘ida mashhur PUBG mobil o‘yini akkauntlarini sotish bahonasida fuqarolarni chuv tushirib kelgan shaxs qo‘lga olindi.

Bu haqdagi tafsilotlar shuni ko‘rsatdiki, Ohangaron shahrida istiqomat qiluvchi 20 yoshli fuqaro hududiy ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, Telegram orqali PUBG akkauntini xarid qilish maqsadida noma’lum shaxsning bank kartasiga 9 million so‘m miqdorida pul o‘tkazganligini ma’lum qilgan. Biroq, sotuvchi uning ishonchiga kirib, dastlab akkauntdan foydalanishga ruxsat bergan, lekin bir kun o‘tib akkauntning parolini o‘zgartirib, uning foydalanish huquqini cheklagan.

Tezkor va surishtiruv tadbirlari natijasida ushbu firibgarlik ishini Navoiy viloyatida istiqomat qiluvchi, 2005 yilda tug‘ilgan 20 yoshli yigit amalga oshirganligi ma’lum bo‘ldi va u huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlandi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxs Telegram tarmog‘ida maxsus kanallarda PUBG mobil o‘yini akkauntlarini sotishga oid yolg‘on e’lonlar joylashtirib, fuqarolarni avvaliga akkauntlardan vaqtinchalik foydalantirgan. Shundan so‘ng, u akkauntlarning maxfiy parollarini o‘zgartirib, xaridorlarning pul mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirib kelgan.

Hozirgi vaqtda mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «g» bandi (firibgarlik, katta miqdorda sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov ishlari davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan ichki ishlar organlari barcha fuqarolardan internet orqali savdo-sotiq qilishda ogohlikka rioya qilish, shaxsiy ma’lumotlarni va pul mablag‘larini begona shaxslarga o‘tkazmaslikni so‘ramoqda.

Hurmatli yoshlar, internet orqali turli mahsulot va xizmatlarni sotib olishda faqat ishonchli va tekshirilgan manbalardan foydalaning. Begona shaxslar tomonidan taqdim qilinayotgan jozibador takliflarga ehtiyotkorlik bilan yondashish, aldovga tushib qolmaslik uchun eng yaxshi chora hisoblanadi.

O‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar internetdagi firibgarlik holatlariga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Bunday holatlar bilan duch kelgan har qanday fuqaro zudlik bilan yaqin atrofdagi ichki ishlar bo‘limlariga murojaat qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Telegram orqali PUBG akkauntlari bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi: yoshlar ogoh bo‘lishi zarur!